Xorazmda Oʻzbekiston — Hindiston qoʻshma harbiy mashgʻulotlari oʻtkaziladi

19:46 23 Mart 2022 Jamiyat
998 0

Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida imzolangan 2021-2022-yilga moʻljallangan ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq hindistonlik bir guruh harbiy xizmatchilar kecha, 22-mart kuni “Doʻstlik-2022” oʻzbek-hind oʻquvida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan edi. Bugun ular Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi transport aviatsiyasi tomonidan yoʻlga qoʻyilgan maxsus reys orqali Urganchga yetib kelishdi.

Mehmonlar Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi hamda Xorazm viloyati hokimligi tomonidan Urganch xalqaro aeroportidan oʻzbekona urf-odat va anʼanalarga mos tarzda kutib olindi. 

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston–Hindiston harbiy xizmatchilari ishtirokidagi dastlabki “Doʻstlik–2019” hamkorlikdagi oʻquvlari 2019-yilning noyabr oyida Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” umumqoʻshin poligonida boʻlib oʻtgan edi. Ikkinchi bor ushbu mamlakatlar harbiy xizmatchilari bir yildan soʻng, 2021-yilning mart oyida Hindistonning Utaranchal shtati, Ranikxet provinsiyasi hududida joylashgan «Chaubatiya» oʻquv markazida birgalikda oʻquv-jangovar vazifalarni bajarishgan.

Shuningdek, 2021-yilning dekabr oyida hamkorlikdagi uchinchi oʻquvlarni muvofiqlashtirish maqsadida Hindiston harbiy delegatsiyasi Xorazm viloyatida joylashgan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugining “Yangiariq” umumqoʻshin poligoniga tashrif buyurgan edi.

Taʼkidlash lozimki, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston koʻplab yetakchi xorijiy mamlakatlarning armiyalari bilan mudofaa sohasida mustahkam hamkorlik aloqalarini oʻrnatib, harbiy va harbiy-texnik masalalarda rejalashtirilgan tadbirlarni samarali davom ettirmoqda.

Mamlakatimizga hamkorlikdagi oʻzbek-hind oʻquvida ishtirok etish va harbiy sohada oʻzaro tajriba almashish maqsadida kelgan mehmonlar barcha sharoitlar muhayyo etilgan “Yangiariq” umumqoʻshin poligoniga joylashtirildi.

Oʻquvlar davomida ikki davlat vakillari oʻquv-jangovar mashgʻulotlaridan tashqari madaniy-hordiq, oshpazlik mahorati namoyishi hamda bir qator boshqa tadbirlarda ishtirok etishi belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер