Xorazmda kino shaharchasi ochildi
Foto: Xalq so‘zi
Kino sanʼatining jamiyat maʼnaviy va madaniy-maʼrifiy hayotida, jumladan, yoshlarni ezgulik, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ahamiyati nihoyatda katta. Yurtimizda ushbu sanʼatni rivojlantirish, sohaning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, yuksak badiiy qimmatga ega kinoasarlarni koʻpaytirish maqsadida qator ishlar olib borilmoqda. Buning samarasida soʻnggi yillarda kinoijodkorlarimiz tomonidan yaratilgan yangi badiiy va hujjatli filmlar xalqaro tanlovlarda munosib oʻrinlarni egallayotir. Yaqinda poytaxtimizda oʻtgan “Ipak yoʻli durdonasi” XIV xalqaro kinofestivali ham milliy kino sanʼatimizni dunyoga tanitish yoʻlidagi yana bir muhim qadam boʻldi.
Birinchi oʻzbek fotografi va kinooperatori Xudoybergan Devonov tugʻilib oʻsgan Xorazmda kino sanʼati anʼanalari zamon bilan uygʻun ravishda rivojlanmoqda. Xorazmning eng qadimiy qalʼalaridan biri – Qalʼajiq yonida barpo etilgan kino shaharchasi buning yorqin misolidir.

Kino shaharchasining foydalanishga topshirilishi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda Xorazm viloyati hokimi Farxod Ermanov, Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Shuhrat Rizayev, taniqli kinoijodkorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Bogʻot tumani hududida joylashgan ushbu kino shaharchada shoir, faylasuf, kuragi yerga tegmagan polvon Pahlavon Mahmud hayoti va ijodiga bagʻishlab “Xiva langari” badiiy filmini suratga olish jarayonlari boshlab yuborildi. Filmda oʻzbek kinoijodkorlari bilan birga hind aktyorlarining ham rollarni ijro qilishi rejalashtirilgan.
— Suratga olish jarayonida bundan 800-yil oldin Pahlavon Mahmud yashagan davrdagi xonlarning saroylari, bozorlar, kurash maydonlari va boshqa kerakli dekoratsiyalarni yaratib, xorazmliklarning oʻsha davrdagi urf-odatlari va hayot tarzini aks ettirishga alohida eʼtibor qaratdik, — deydi filmning postanovkachi rejissyori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Hamidulla Hasanov. — Filmda “Xorazm lazgisi”, “Peshrav”, «Xonchiqar» kabi Xorazmning mashhur musiqalari va qoʻshiqlaridan foydalaniladi. Kurash sahnalarida asosan xorazmlik polvonlarning ishtirok etishi rejalashtirilgan. Mahalliy hokimlik tasvirga olish jarayonlarida ijodiy guruhimizga yaqindan yordam beryapti.
Maʼlumki, oʻtgan asrning 70-80 yillarida oʻzbek va hind kinoijodkorlari hamkorligida yaratilgan “Ali bobo va qirq qaroqchi”, “Sevgi afsonasi” kabi filmlar oʻzbek kinosining oltin fondidan joy olgan. Yaqinda ushbu filmlarni tasvirga olishda qatnashgan taniqli hind kinorejissyori Umesh Mehra Qalʼajiq qalʼasi yonida barpo etilgan kino shaharchasi qurilishi bilan tanishdi va ijodiy hamkorlik boʻyicha kelgusi rejalar belgilab olindi. Umid qilamizki, “Xiva langari” filmi ham milliy kinomiz oltin fondidan joy oladigan bebaho kinoasar boʻlib qoladi.
Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring