Xodimni boshqa ish beruvchiga xizmat safariga yuborish tartibi belgilandi
Joriy yilning 7-noyabr kuni Toshkent viloyati adliya boshqarmasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat aʼzolari, olimlar va soha mutaxassislari ishtirokida yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bagʻishlangan seminar oʻtkazildi.
Unda deputatlar tadbir ishtirokchilariga yangi Kodeks haqida keng maʼlumotlar berishdi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalar qatori mehnat munosabatlari tizimida ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Sohaga oid qator normativ-huquqiy hujjatlar asosida koʻpgina yangi institutlar hamda yangi mexanizmlar amaliyotga kiritildi. Bu kabi omillar esa, Mehnat kodeksini yangi tahrirda qabul qilish zaruratini yuzaga keltirdi.
Kodeks loyihasini ishlab chiqish chogʻida 10 dan ortiq xalqaro tashkilotlar, jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining qator konvensiyalari, 60 dan ziyod davlat tajribasi oʻrganildi. Kodeks loyihasi Qonunchilik palatasida bir yil davomida chuqur tahlil etilib, maromiga yetkazildi.
Seminarda qayd etilganidek, Kodeksda mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikni tartibga soluvchi normalarga alohida eʼtibor qaratilgan. Ijtimoiy sheriklik ishtirokchilarining majburiyatlari va vakolatlari, ularning jamoaviy muzokaralar olib borish tartibi belgilab berildi. Davlatning ijtimoiy sheriklik (uch tomonlama jamoaviy bitimlar) ishtirokchisi sifatidagi roli oʻz aksini topdi.
Bundan tashqari, ish beruvchining ish haqini kechiktirish uchun javobgarligi (kechiktirilgan har bir kun uchun qayta moliyalash stavkasining 10 foizi miqdorida) belgilandi.
Yangi tahrirdagi kodeksda ish bilan taʼminlash jarayonlarini raqamlashtirish, elektron mehnat daftarchalarini yuritish, mehnat shartnomalarini tuzish va yagona maʼlumot bazasida roʻyxatdan oʻtkazish mexanizmlari ochib berildi. Mehnat nizolarini koʻrib chiqish jarayonida jamoatchilik nazorati mexanizmlari aks ettirildi. Yakka mehnat nizolari komissiyalarda yoki sudda hal etilishi holatlari koʻrsatilgan, yakka mehnat nizoci mediatorga yuborilishini joriy etish, mehnat arbitraji tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Nizolarni muqobil hal qilishning imkoniyatlari kengaytirilib, sudlardagi ish hajmi kamaytirildi. Ayrim toifadagi xodimlarning mehnati huquqiy jihatdan tartibga solindi. Xodimni boshqa ish beruvchiga xizmat safariga yuborish tartibi belgilandi. Bu esa doimiy ish joyidagi mehnat shartnomasining amal qilishini toʻxtatib turishni va xodim ishga yuborilgan tashkilot bilan muddatli shartnoma tuzishni nazarda tutadi.
Belgilangan yangi normalar rasmiy va norasmiy tarmoqda mavsumiy ish bilan band boʻlganlarning mehnat huquqlarini tartibga solishdagi boʻshliqlar va qarama-qarshiliklarni bartaraf etadi. Mehnat munosabatlarida korrupsiya xavfi kamayib, “Yagona milliy mehnat tizimi” raqamlashtiriladi.
Seminarda ishtirokchilar tomonidan yoʻllangan savollarga deputatlar atroflicha javoblar berishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring