Xizmatlar va servis sohasini rivojlantirishda ustuvor vazifalar belgilandi

22:23 25 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
2063 0

Qaysi soha jadal rivojlansa, oʻsha soha uchun xizmat koʻrsatish tizimiga ehtiyoj ortaveradi. Oʻzi xizmat va servisga bogʻliq boʻlmagan birorta sohani topib boʻlmaydi. Bu bogʻliqlik va uzviylik yoʻqolgan joyda na rivojlanish boʻladi, na taraqqiyot. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan navbatdagi videoselektor yigʻilishida hududlarda xizmatlar va servis sohasini rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar bejiz muhokama qilinmadi. Unda dunyoda servis sohasining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi oʻrtacha 61 foizga teng ekanligi va bu koʻrsatkich Oʻzbekistonda 36 foizni tashkil etishi taqqoslab koʻrildi.

Ana shu birgina raqamning oʻzi mamlakatimizda xizmatlar va servis sohasi oqsayotganini koʻrsatib turibdi. Bu sohani rivojlantirish orqali qanchadan-qancha yangi ish oʻrinlari ochish, aholi mushkulini oson va uzogʻini yaqin qilish mumkinligi Prezidentimiz tomonidan alohida taʼkidlab oʻtildi.

Hammamizga maʼlumki, davlatimiz tomonidan tadbirkorlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanyapti, qulay imkoniyat ham imtiyozlar yaratib berilyapti. Buning samarasi oʻlaroq bugungi kunda agrosanoat tarmogʻi izchil rivojlanib, zamonaviy issiqxonalar, intensiv bogʻlar va chorvachilik xoʻjaliklari koʻpayib bormoqda. Ammo issiqxonada pomidor, bodring, kivi yoki mandarin yetishtirish ilmini puxta biladigan, shu sohaning yetuk agronomlari, zootexnik va veterinarlari, oʻsimliklarni himoya qilish, urugʻchilik boʻyicha mutaxassislar juda kam. Ularga esa talab nihoyatda ortib bormoqda. Videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz bu sohada zamonaviy xizmatlar koʻlamini kengaytirishda xorijiy mutaxassislar bilim va salohiyatidan foydalanish, amaliy oʻquv kurslari tashkil etish zarurligini taʼkidlab oʻtdi.

Eʼtibor bergan boʻlsangiz, maktablar, bolalar bogʻchalari, tibbiyot muassasalarida bino va inshootlaridan tashqari 5-10, hatto 15 sotixgacha ortiqcha yer maydonlari mavjud. Bu yer maydonlarining bir qismi foydalanilmasdan turibdi. Aynan ana shu foydalanilmay turgan va taʼlim hamda tibbiyot muassasalariga tegishli boʻlgan yerlarda xizmat koʻrsatish obyektlari barpo qilish maqsadga muvofiqdir. Bu yerlarga tadbirkor va investorlarni jalb qilish orqali xizmatlar va servis sohasini rivojlantirish imkoniyati mavjud. Yerlarni ajratish va taqsimlashda mutasaddi rahbarlar va deputatlar faollik koʻrsatishlari lozim.

Xizmat koʻrsatish va servis sohasini rivojlantirish masalalari partiyamiz dasturida ham belgilangan boʻlib, unda muhim vazifa sifatida davlat tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish, eng qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish asosiy vazifa etib belgilangan. Shunday ekan, xizmat koʻrsatish va servis sohasini jadal rivojlantirish uchun biz deputatlar joylarda astoydil ish olib boramiz va davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalarni amalga oshirishda bosh-qosh boʻlamiz.

Barno MIRZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер