Xizmatlar sohasida biznes yuritish yana-da qulaylashadi

09:52 14 May 2021 Iqtisodiyot
1095 0

Mamlakatimiz iqtisodiy oʻsishini taʼminlash uchun xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Zero, mazkur soha aholining barcha qatlamlarini qamrab oladi va jamiyatda sodir boʻlayotgan deyarli barcha ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga muayyan taʼsir koʻrsatadi. Qisqasi, bu omil yurtimiz iqtisodiy salohiyati oʻsishida katta ahamiyatga ega. Binobarin, Prezidentimizning shu yil 11-maydagi “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham mamlakatimiz ravnaqida alohida oʻrin tutishi shubhasizdir. Qarorda sohani yana-da takomillashtirish, samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qancha chora-tadbirlar belgilangan.

Xususan, iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda xizmatlar sohasini muhim drayverga aylantirish va 2023-yilga qadar xizmatlar hajmini ikki baravarga oshirish, aholiga tayyor biznes rejalar va loyihalar taqdim etish, ularni kasbga oʻqitishdan tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishgacha boʻlgan bosqichlarni qamrab oluvchi “kompleks xizmatlar” koʻrsatishni tashkil etish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, endilikda koʻchma savdo obyektlari uchun joylar tadbirkorlik subyektlariga elektron onlayn-auksion asosida sotiladi.

Hokimliklarga turizm va sport vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-sentyabrga qadar yirik shaharlarda, viloyat va tuman markazlarida tashabbuskor tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda savdo va koʻngilochar koʻchalar tashkil etilishi boʻyicha topshiriq berilishi ham, albatta, soha rivojiga sezilarli turtki beradi. Mazkur koʻchalardagi barcha tadbirkorlik subyektlariga jamoat xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda 24 soat mobaynida tunu kun faoliyat yuritish huquqi berilishi ham ayni muddaodir.

Shuning barobarida 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab masofaviy (onlayn) taʼlimga asoslangan nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish uchun mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida binolarning mavjud boʻlishi haqida talab bekor qilinishi tegishli yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun katta yengillik boʻldi.

Masʼullar zimmasiga poytaxtimizning bir necha tumanida davlat organlari va tashkilotlari joylashgan yer uchastkalari va bino-inshootlarni xatlovdan oʻtkazgan holda ularning maydonlarini tanqidiy koʻrib chiqish va tadbirkorlik subyektlariga xizmat koʻrsatish obyektlarini barpo etish uchun ajratish maqsadida maqbullashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish vazifasi yuklangani ham bu yoʻnalishga yana-da koʻproq ahamiyat qaratilayotganidan dalolat beradi.

Muxtasar aytganda, qarorda bayon qilingan chora-tadbirlar xizmatlar sektorida biznes yuritish shart-sharoitlarini yana-da qulaylashtirishga yoʻnaltirilgan.

Hazratqul Xoʻjamqulov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер