Xitoylik investorlar Andijon viloyatiga yirik miqdorda investitsiya kiritadi
2024-yilning 3-11-yanvar kunlari Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy davlatida boʻlib, iqtisodiy-ijtimoiy yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlik qilish yuzasidan muzokaralar olib bordi. Xoʻsh, uning natijasida qanday boʻldi? Andijon shahridagi Yoshlar markazida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida shu kabi savollarga javob berildi.
— Har ikkala davlat vakillari oʻrtasida 52 ta kelishuvga erishildi, — deydi viloyat hokimining oʻrinbosari Botirjon Hamroyev. — Ularning ijrosini taʼminlash doirasida Andijon viloyatida salkam 2,2 milliard dollar qiymatidagi yangi loyihalar amalga oshiriladi. Hamkorlik viloyatda taʼlim, qurilish materiallari, energetika, farmatsevtika, avtomobilsozlik va qishloq xoʻjaligi sohalarida yoʻlga qoʻyiladi.
Xitoylik hamkorlar ayni paytda Andijon viloyatida boʻlib, viloyatdagi “Munduz” hamda “Kampirrovot” suv tozalash inshootlaridagi mavjud sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdilar.
— Xitoyning “Gansu Yucun New Energu Technologu” kompaniyasi tomonidan viloyatdagi 1760 ta suv quduqlarini elektr energiyasi bilan taʼminlash boʻyicha kelishuv imzolandi, — deydi “Andijon suv taʼminoti” MCHJ axborot xizmati rahbari Marhaboxon Nasriddinova. — Unga muvofiq 11000 kVt quvvatga ega boʻlgan quyosh panellari oʻrnatiladi. Bu aholiga toza ichimlik suvi yetkazib berish hajmini yanada oshiradi va oqova suv xizmatini koʻrsatish borasidagi imkoniyatlarni kengaytiradi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring