Xitoy bilan hamkorlik aloqalari yanada kengayadi
Xitoy – sogʻliqni saqlash sohasida dunyoda yetakchilardan boʻlgan, mazkur yoʻnalishda ulkan ilmiy va texnologik salohiyatga ega mamlakatlardan biri.
Ushbu davlat bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, qoʻshma loyihalar portfelini kengaytirish milliy tibbiyotimizni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ikki tomonlama hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilab olish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish maqsadida ayni kunlarda sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari F.Tashpulatov boshchiligidagi soha masʼullaridan iborat delegatsiya xizmat safari bilan Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib turibdi.
Vakillarimiz dastlab Pekin shahrida “CITIC Constructions” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi.
“CITIC Group” konglomeratining shoʻba kompaniyasi boʻlgan “CITIC Constructions” jahonning koʻplab mamlakatlarida sanoat va ijtimoiy infratuzilma loyihalari uchun boshqaruv, xarid va qurilish kabi xizmatlarni koʻrsatib keladi.
Bugungi kunda mazkur korxona dunyoning eng yirik qurilish kompaniyalari 100 taligiga kiradi.
Muloqot chogʻida “Tez tibbiy yordam xizmatining hududiy filiallari eski bino-inshootlarini rekonstruksiya qilish” loyihasi yuzasidan kelishuv imzolash va uni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kelishib olindi.
Tashrif dasturiga muvofiq Xitoyning yana qator nufuzli kompaniyalari va moliya institutlari bilan tibbiyotning turli yoʻnalishlari boʻyicha investitsiya, davlat-xususiy sheriklik va grant loyihalari yuzasidan muzokaralar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring