Xitoy armiyasi urushga tayyorgarlik koʻrishga chaqirildi
Foto: Reuters
Xitoy xalq-ozodlik armiyasining Weibo ijtimoiy tarmogʻidagi rasmiy akkauntida urushga tayyorgarlik koʻrishga chaqirilgan qisqa xabar eʼlon qilindi.
Shtab-kvartirasi Shandun provinsiyasi Veyfan shahrida joylashgan Xitoy xalq-ozodlik armiyasining 80-armiyasi rasmiy akkauntida “Urushga tayyorlaning!” degan qisqa xabar joylashtirilgan. Ushbu tarkib uchta moto-oʻqchi, shuningdek, tank, artilleriya va havo hujumidan mudofaa brigadasidan iborat. Unga Harbiy-havo kuchlarining 7-havo polki va maxsus operatsiyalar kuchlari brigadasi biriktirilgan.
Keyinroq berilgan izohlarda 80-armiya vakillari ushbu xabar Xitoy xalq-ozodlik armiyasi tashkil etilganining 95 yilligi munosabati bilan chiqarilganiga aniqlik kiritishib, urushga tayyorgarlik Xitoy harbiylarining asosiy masʼuliyati ekanligini qoʻshimcha qilishdi.
Avvalroq, Guandun dengiz xavfsizligi boshqarmasi Xitoy harbiy-dengiz kuchlari Janubiy Xitoy dengizida ikki kunlik harbiy mashgʻulotlarni boshlagani haqida xabar bergan edi. Departament maʼlumotlariga koʻra, amaliyotlar 29 va 30-iyul kunlari janubiy Guandun provinsiyasini Xaynan orolidan ajratib turuvchi Syunchjou boʻgʻozining gʻarbiy qismida boʻlib oʻtadi. Shuningdek, mashgʻulotlar Davanshan orolining janubi-sharqidagi ham oʻtkaziladi. Ushbu amaliyotlarning boshqa tafsilotlari oshkor etilmagan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring