Xirosimada Oʻzbekistonning sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati taqdimoti oʻtkazildi
Mamlakatimizning Yaponiyadagi elchixonasi delegatsiyasining Xirosima prefekturasiga ishchi tashrifi davomida “Oʻzbekistonning investitsiyaviy va turizm salohiyati” mavzusida tadbir tashkil qilindi.
Xirosima savdo-sanoat palatasi va “Balcom Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirda Prefektura kengashi deputatlari, yetakchi ishbilarmon doiralar va sayyohlik kompaniyalari vakillari, shuningdek, Namangan viloyatidan kelgan 10 ga yaqin kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Unda “Balcom Group” kompaniyasi rahbari, “Yaponiya-Oʻzbekiston iqtisodiy, madaniy va sport hamkorligi jamiyati” prezidenti Tetsuro Yamasaka soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston hamda Yaponiya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, siyosiy, turizm yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib borayotganini taʼkidladi. U, shuningdek, muvaffaqiyatli faoliyat sifatida “Balcom Group” kompaniyasi tomonidan Oʻzbekistonga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritilgan holda amalga oshirilayotgan loyihalarni qayd etdi.
Oʻzbekiston elchisi Muxsinxoʻja Abdurahmonov oʻz chiqishida, mamlakatimizning investitsiya, savdo va sayyohlik sohalaridagi mavjud salohiyat haqida soʻzlab berdi.
Oʻzbekistonda soʻnggi 6 yil davomida davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish maqsadida xorijiy hamda mahalliy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha amalga oshirilgan islohotlar natijalari, valyuta bozorini erkinlashtirish, davlat mulklarini xususiylashtirish yoʻnalishlarida amalga oshirilgan alohida qayd etildi.
Mamlakatimizning turizm salohiyatini targʻib qilishga bagʻishlangan taqdimotda yangi turizm yoʻnalishlari va “turizm kontentlari”ni ishlab chiqish, sayyohlik sohasida loyihalarni amalga oshirish, xorijiy sayyohlarga qulayliklar yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar taʼkidlandi.
Tadbir yakunida Oʻzbekistondan kelgan kompaniya vakillari va yapon tadbirkorlari ishtirokidagi “B2B” shaklidagi uchrashuvlar tashkil etildi. Ularda hamkorlikning aniq yoʻnalishlari koʻrib chiqildi va muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Xirosima prefekturasi sayyohlik kompaniyalari vakillari bilan mamlakatimizga ushbu hududdan sayyohlar oqimini oshirish va Oʻzbekiston turizm brendini birgalikda keng targʻib qilish boʻyicha kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring