Xalqaro miqyosdagi masalalarni hal etishda mahalliy Kengashlar rolini oshirish lozim
Foto: “Xalq soʻzi”
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyotiga ega huquqiy davlat barpo etishning asosi boʻlgan keng koʻlamli iqtisodiy va siyosiy islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu jarayonlarda mahalliy vakillik organlari – xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari ishtiroki va faoliyati samaradorligini oshirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Zero, maʼmuriy-hududiy birlik aholisi tomonidan saylanadigan Kengash viloyat, tuman va shaharning tegishli ijro hokimiyati rahbari (hokimi), shuningdek, vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari oldida fuqarolar manfaatlarini ifoda etishning muhim boʻgʻini hisoblanadi. Binobarin, mahalliy vakillik organlari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish hamda tasdiqlabgina qolmay, ularning tegishli hududdagi ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan bajarilishini ham nazorat qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tashkilotchiligi hamda bir qator mahalliy, xalqaro va xorijiy hamkorlar ishtirokida Navoiy viloyatida oʻtkazilgan “Hududlarning tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashda mahalliy vakillik organlarining rolini oshirish” mavzusidagi xalqaro davra suhbati xalq deputatlari Kengashlarining hududlarning tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish borasidagi salohiyati toʻliq ishga solish masalalariga bagʻishlandi.
Davra suhbatida Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Ravshanbek Alimov muhokamadagi masalaning dolzarbligini taʼkidlab, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlarni hisobga olgan holda hududlarning tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashda mahalliy vakillik organlarining rolini oshirishning bir qator jihatlariga eʼtibor qaratdi.

— Xususan, mahalliy vakillik organlarining tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi samarali faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan omillarni, tizimli muammolarni aniqlash va tanqidiy tahlil qilish, hududlarda qulay investitsiya muhitini yaratish masalalarida mahalliy Kengashlarning mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorligi darajasini, investitsiya va tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ijrosi ustidan deputatlik nazoratini amalga oshirish masalalarida deputatlar malakasini oshirish, investorlar va eksportchilar muammolarini hal qilish masalalarida mahalliy vakillik organlari deputatlarini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ularning salohiyatidan foydalanish boʻyicha eng yaxshi tajriba va ilgʻor xalqaro tajribani oʻrganish bugungi kunda muhim vazifa hisoblanadi, — dedi R. Alimov.
Davra suhbati doirasida mahalliy Kengashlarga ishlarni zamon talablari asosida tashkil etishda huquqiy va uslubiy yordam koʻrsatish faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlgan Hududiy vakillik organlari faoliyatini oʻrganish markazi taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.

Tadbirda GIZning hududiy rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi, BMTning Taraqqiyot dasturining Inklyuziv rivojlanish boʻyicha dastur tahlilchisi, bir qator vazirlik va idoralar mutaxassislari oʻz maʼruzalari bilan onlayn ishtirok etdilar.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring