Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlik kengaytiriladi
Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva 16-sentabr kuni Xalqaro migratsiya tashkilotining Sharqiy Yevropa, Janubi-sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy direktori Manfred Profatsi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Oʻzbekiston hamda Xalqaro migratsiya tashkiloti oʻrtasida chet elda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolar va ularning oila aʼzolarini qoʻllab-quvvatlash, odam savdosiga qarshi kurash sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish joiz, Oʻzbekiston Xalqaro migratsiya tashkilotiga 2019-yilda toʻlaqonli aʼzo sifatida qoʻshilishi bilan hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarildi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston va XMT oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha 2021–2023-yillarga moʻljallangan Amaliy harakatlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”) muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Uning doirasida migratsiya sohasidagi muhim chora-tadbirlar hayotga tatbiq etildi, chegaralarni boshqarish, odam savdosiga qarshi kurash yoʻnalishida amaliy ishlar bajarildi.
Muloqot chogʻida hamkorlikni rivojlantirishga oid qator takliflar ham muhokama qilindi.
Xususan, migratsiya siyosatini takomillashtirish, odam savdosiga qarshi kurashish va migratsiya sohasida xalqaro standartlarni joriy etish, xotin-qizlar mehnat migratsiyasini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Respublika komissiyasi bilan hamkorlikda amaliy chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish masalalari shular jumlasidandir.
Shuningdek, xorijiy mamlakatlarda qiyin ahvolga tushib qolgan Markaziy Osiyo davlatlari muhojirlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mintaqaviy loyihani ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Konstruktiv va amaliy ruhda kechgan uchrashuv yakunida Oʻzbekiston va Xalqaro migratsiya tashkiloti oʻrtasida hamkorlikdagi loyihalarni kengaytirishga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring