Xalqaro kuzatuvchilar Navoiy viloyatida

17:08 10 Aprel 2023 Jamiyat
857 0

Mamlakatimizda joriy yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Referendumiga tayyorgarlikning borishi bilan tanishish maqsadida Navoiy viloyatiga ham xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari tashrif buyurishmoqda. Ular Referendumni o‘tkazuvchi 5- Navoiy okrug komissiyasida bo‘lishib, muhim siyosiy jarayonga  tayyorgarlik, yaratilgan qulayliklar va  komissiya a’zolarining salohiyati bilan yaqindan tanishishmoqda. Eng ahamiyatlisi, xalqaro kuzatuvchilarga tayyorgarlik jarayonlarini bevosita kuzatishlari uchun to‘liq imkoniyatlar yaratib berilgan.

Chunonchi,  O‘zbekistondagi Referendumni kuzatish bo‘yicha YeXHT DIIHBning cheklangan missiyasi uzoq muddatli kuzatuvchilari Aleksis Mishel hamda Eni Kristin Krepeliyen 5- Navoiy okrug komissiyasida bo‘lishib,  bu yerda muhim siyosiy jarayonga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishishdi. Kuzatuvchilarga okrug komissiyasi raisi N. Tog‘ayeva hududdagi uchastka komissiyalari hamda ularning a’zolari sifat tarkibi, komissiya huzurida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan Matbuot markazi, OAV vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish tartiblari xususida batafsil ma’lumot berdi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, Referendumni o‘tkazuvchi  5- Navoiy okrugi hududida 411ta uchastka komissiyalari tashkil etilgan bo‘lib, ulardagi komissiya a’zolarining 56 foizini ayollar tashkil etadi. Shuningdek, komissiya a’zolarining 76 foizdan ortig‘i oliy ma’lumotga ega tajribali mutaxassislardan iborat bo‘lib, o‘zbek, rus, qozoq, qoraqalpoq va tojik millatiga mansub O‘zbekiston fuqarolari tashkil etadi.

Ta’kidlash joiz, Referendumni o‘tkazish va mazkur siyosiy tadbirga qizg‘in tayyorgarlik jarayonlarini o‘z vaqtida keng jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni alohida ahamiyatga ega. YeXHT DIIHB xalqaro kuzatuvchilari Navoiy viloyati Referendumga  tayyorgarlik jarayonlarini yoritishda, asosan, nimalarga ahamiyat qaratilayotgani  bilan qiziqishib, akkreditasiyadan o‘tgan jurnalistlar bilan axborot almashish borasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.

Kuzatuvchilar shuningdek,  muhim siyosiy jarayonga tayyorgarlik ko‘rish uchun yaratilgan sharoitlar, referendumni  umume’tirofdagi demokratik tamoyillar asosida o‘tkazish yo‘lida amalga oshirilayotgan tashkiliy jarayonlar bilan tanishishib, o‘zlarini qiziqtirgan bir qator savollarga javob olishdi.  

Temur ESHBOЕV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер