Xalq taʼlimi vaziri bilan muloqotda Fargʻonadagi maktab direktorlari qanday tashabbuslarni ilgari surdi?
Foto: Xalq so‘zi
Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov Fargʻona viloyatidagi umumtaʼlim maktablari direktorlari bilan yuzma-yuz suhbat oʻtkazdi. Uchrashuvda viloyatdagi 960 ta maktab direktorlari qatnashdi.
Muloqotda mamlakatimizda maktab taʼlimini rivojlantirish boʻyicha kelgusi besh yilga moʻljallangan milliy dasturning mazmun-mohiyati, unda belgilangan vazifalar xususida soʻz yuritildi. Ayni jarayonda soha xodimlarini moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ezgu tashabbuslar eʼtirof etildi. Maktablardagi taʼlim-tarbiya jarayonini oʻzaro uygʻun holda tashkil etish borasida aniqlanayotgan kamchiliklar, maktab psixologlari faoliyatini takomillashtirish va masʼuliyatini oshirish, oʻquvchilar bilan ishlashda taʼlim muassasaci-oila-mahalla hamkorligi muhimligi taʼkidlandi.

Ayni jarayonda Fargʻona viloyatida amaliyotga keng tatbiq etilishi rejalashtirilayotgan Yaponiya taʼlim tizimi tajribasi, yutuqlari haqida maʼlumot berildi.
— Darhaqiqat, maʼrifatparvar jadid bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy aytganidek, dunyo imoratlari ichida eng ulugʻi maktabdir, — deydi Fargʻona shahridagi 17-umumtaʼlim maktabi direktori Abror Ismoilov. — Shiddat bilan oʻzgarib, yangilanib borayotgan bugungi davr biz, pedagoglar oldiga bir paytning oʻzida ham milliy mentalitetimiz, ham jahon standartlariga mos fikrlay oladigan barkamol avlodni tarbiyalashni talab etmoqda.
Samimiy, ochiq muloqot tarzida oʻtgan uchrashuvda fargʻonalik ustozlar tomonidan yagona maktab formasiin yaratish, oʻquvchilar oʻrtasida telefondan foydalanish madaniyatini shakllantirish singari dolzarb ahamiyatga ega tashabbuslar ilgari surildi, taʼlim sifatini yaxshilash yuzasidan taklif- mulohazalar bildirildi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring