“Xalq soʻzi” tanqididan soʻng kamchiliklarni bartaraf etish chogʻida qadimiy qabrdan kitoblar topildi
“Xalq soʻzi”ning rasmiy saytida eʼlon qilingan tanqidiy maqolada aytilgan kamchiliklarni bartaraf etish chogʻida Buxorodagi qadimiy qabrdan kitoblar topildi. Mutaxassislar ularni oʻrganib chiqishmoqda.
Shu yilning 23-fevralida saytimizda “Qadimiy qabr yonidagi hojatxona yoxud manqurtlikning bir koʻrinishi” sarlavhali tanqidiy-tahliliy maqola eʼlon qilingan edi. Xabar berganimizdek, shundan soʻng viloyat hokimining oʻrinbosari, Buxoro shahar hokimi va boshqa tegishli tashkilotlar masʼullari holatni joyiga borib oʻrganishdi. 30-maktabgacha taʼlim tashkiloti hududida qolgan qadimiy qabr yonidagi hojatxona buzib tashlandi.
— Oʻrganish natijasida qabrning ustki qismida arab yozuvidagi kitob qoldiqlari borligi va ularning konservatsiyaga muhtojligi aniqlandi, — deya xabar berdi muxbirimizga viloyat madaniy meros boshqarmasi rahbari Sherzod Mahmudov. — Ular har tomonlama chuqur oʻrganilishi uchun Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasiga topshirildi.

Oʻz navbatida biz ushbu topilma haqida maʼlumot olish uchun muzey-qoʻriqxonada boʻldik.
— Koʻrib turganingizdek, kitob varaqlari mogʻorlagan. Dastavval ularni tozalaymiz, — deydi muzey-qoʻriqxona masʼul xodimi Mashhura Hafizova. — Keyin restavratsiya qilinadi. Bizning asosiy vazifamiz ularni boricha saqlab qolish.Keyin mutaxassislarimiz oʻrganib chiqishadi.
— Topilma orasida asosan Qurʼon kitobi sahifalari va lugʻat varaqlari, shuningdek, tarixiy ahamiyatga ega hujjat bor, — deydi muzey-qoʻriqxonaning hujjatlar boʻlimi ilmiy xodimi Ahtam Ahmedov. — Tosh bosma usuldagi bu kitoblarni hozircha ХIX asr oxiri, XX asr boshlarida Qozonda chop etilgan deya taxmin qilish mumkin. Fondimizda mavjudlari bilan solishtirgan holda ushbu lugʻat kimga tegishli, kim tomonidan tayyorlangani kabi savollarga tez orada javob topamiz. Kitoblarning varaqlari va hujjat muzey- qoʻriqxona eksponatlari sifatida koʻz qorachigʻiday asraladi.
Muzey-qoʻriqxona direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Jamshid Xalilovning bildirishicha, maskanda ayni damda 134 ming 335 ta eksponat bor. Ularning 7 mingtasini arab yozuvi va tosh bosma usulidagi qoʻlyozmalar tashkil etadi. Endilikda qadimiy qabr ustki qismidan topilgan kitoblarning varaqlari ham ular qatoridan oʻrin oladi.
Istam IBROHIMOV, (“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring