Xalq bankining yangi xizmatlari aholi va mijozlarga yana-da qulaylik yaratmoqda

14:54 15 Yanvar 2021 Iqtisodiyot
2001 0

“Yangilanayotgan Xalq banki: yil sarhisobi va istiqboldagi rejalar”. Mazkur moliya muassasasi tomonidan tashkil etilgan navbatdagi matbuot anjumani shunday nomlandi. Bu haqda bank axborot xizmati maʼlum qildi.

Aytish joizki, soʻnggi paytlarda Xalq banki tizimida odamlarga yengillik, mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, bank faoliyatini transformatsiya qilish maqsadida 5 ta xorijiy kompaniya bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Shu bilan birga, ushbu jarayonga amaliy yordam koʻrsatish uchun xorijdan 7 nafar malakali xorijiy mutaxassis jalb qilindi.

Masofaviy xizmat koʻrsatishni tashkil etish maqsadida oʻtgan yilning may oyida Jizzax shahrida “Call center” aloqa markazi ishga tushirildi. Ushbu yangi tizim, ayniqsa, pandemiya sharoitida juda qoʻl keldi. Binobarin, mijozlar murojaatlari aynan ushbu “Call center” xodimlari tomonidan oʻrganilib, toʻgʻridan-toʻgʻri hal qilib berilmoqda. Maboda, qoʻngʻiroq qilgan vaqtingizda navbatga tushib, aloqa oʻrnata olmasangiz, markaz operatorlari sizga qoʻngʻiroq qilishadi.

“Call center“da mijozlarga yoʻqotilgan plastik kartani bloklash yoki blokdan chiqarish, balansini va oʻtkazmalar tarixini bilish, “Humo” plastik kartasi egalariga «SMS xabarnoma” xizmatini yoqish, jismoniy shaxslar kreditlari toʻlovi uchun ID raqamlarini bilib berish va chakana kredit mahsulotlariga ariza qabul qilish, hisobraqam qoʻshish va yopish, blokka qoʻyish va blokdan chiqarish, mobil telefon oʻzgarganda yangi telefonda ilovani aktiv holatga keltirish, yuridik mijozlarga kartoteka qarzdorliklari haqida maʼlumot berish kabi xizmatlar koʻrsatilmoqda. Bu xizmatlarning qanchalik toʻgʻri yoʻlga qoʻyilganini esa markazga yil yakuniga qadar jami 105 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgandan, hozir bu yerda kuniga oʻrtacha 1 000 nafar mijozga masofadan xizmat koʻrsatilganidan anglash mushkul emas.

Shu bilan birga, transformatsiya jarayonida jismoniy shaxslar uchun 24 ta va yuridik shaxslar uchun 6 ta yangi innovatsion xizmat turi amaliyotga tatbiq etildi. Bank filiallarining deyarli barcha xodimlari uchun “Bonus” tizimi joriy qilindi. Natijasida birgina Chakana xizmatlar boʻlimi xodimlari uchun joriy qilingan “Bonus” tizimi orqali olingan bank daromadlari oʻtgan yilga nisbatan 2 barobar oʻsdi.

Qolaversa, 2020-yilning iyun oyida “kredit konveyeri” mexanizmi ishga tushirildi va “kredit moduli” joriy qilindi. Bugungi kunda kredit hujjatlari ushbu elektron dastur orqali “inson omilisiz”, tezkor va ishonchli ravishda koʻrib chiqilmoqda. Shuningdek, «skoring» tahlili va kredit hujjatlariga asoslanib, yakuniy qaror qabul qilish uchun “anderrayter”lar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Hozirgi kunda “kredit moduli” orqali standart kreditlarga oʻrtacha 5-10 daqiqa ichida avtomatik tarzda, nostandart, yaʼni oʻrganish talab etiladigan kreditlarga «skoring» tahlili asosida “anderrayter”lar guruhi tomonidan 30 daqiqa ichida va bir bosqichda javob berilmoqda.

Bunday yangilanishlar natijasida Xalq banki tomonidan 2020-yilda jami 249 ming 400 dan ortiq mijozning 9 trln. 11 mlrd. soʻmlik loyihalari moliyalashtirilib, 86 ming nafardan ortiq aholining bandligi taʼminlandi.

2020-yilda 64 ta “Bank xizmatlari markazi” tashkil etilib, ularning soni 100 taga yetkazildi. 2020-yilda “24/7 – kunu tun» rejimida ishlaydigan “Elektron ofislar” soni 184 taga oshirilib, ular soni 308 taga yetdi. Oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatuvchi 12 dona avtomatlashtirilgan toʻlovlarni qabul qilish qurilmasi ishga tushirildi. Bu qurilmalar orqali karta balansini toʻldirish hamda inkassatsiya amaliyoti joriy qilindi.

Shu kabi samarali mehnat natijasida bankning kredit reytingi 2020-yilda “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi tomonidan “VV-/V” — “Barqaror” va “Standard & Poorʼs” reyting agentligi tomonidan “VV-/V” darajasida baholandi. Shuningdek, “Standart and Sensetive Ratings” milliy reyting agentligi tomonidan milliy shkala boʻyicha bankka kreditga layoqatlilik va ishonchlilik darajasi “uzA+” — “Juda yuqori” deb baho berildi.

2020-yilning yanvar oyida jismoniy shaxslar uchun “Oilaviy biznes” mobil ilovasi ishlab chiqildi. U orqali oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir davlat dasturlari asosida “onlayn” tarzda ajratiladigan imtiyozli kreditlarni olish imkoniyati yaratilgan. Oʻtgan yilning fevral oyida jismoniy shaxslar uchun “Xalq mobile” mobil ilovasining yangi versiyasi, yuridik shaxslar uchun “Xalq biznes” mobil ilovasi yaratildi. Yangi — “Quick statement” mobil ilovasi esa tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish va qonunbuzilish holatlarini juda qisqa fursatlarda aniqlash imkonini bermoqda. Bunda foydalanuvchilar ushbu mobil ilova orqali bank tizimida korrupsiyaga oid xavf-xatarga duch kelganda, anonim yoki shaxsini maʼlum qilgan holda xabar berishlari mumkin.

Bugungi kunga qadar Xalq banki tizimida xotin-qizlar boʻyicha rahbar oʻrinbosari lavozimlari joriy etildi. Ularga xotin-qizlar biznes gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlashga doir bir qator ustuvor vazifalar yuklatildi.

Umuman, Xalq banki tizimida amalga oshirilgan ishlar natijasida bank tomonidan 2020-yil yakunlari boʻyicha 2019-yilga nisbatan 4,8 barobar koʻp sof foyda olishga erishildi. Tranformatsiyaga doir ishlar joriy yilda ham izchil davom ettiriladi.
 

Reklama huquqi asosida

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер