Kelasi yildan boshlangʻich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar boʻyicha oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi
Foto: president.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
“Biz Yangi Oʻzbekistonni «ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni maqsad qilayapmiz. Buni Konstitutsiyada mustahkamlashimiz kerak.
Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, demakdir», - dedi davlat rahbari.
Birinchi navbatda, eʼtibor Yangi Oʻzbekiston uchun eng katta investitsiya boʻlgan taʼlimni qoʻllab-quvvatlashga qaratilishi taʼkidlandi.
Oʻqituvchilarning maqomini, ularning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarurligi qayd etildi.
Kelasi yildan boshlangʻich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar boʻyicha oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi.
Prezident taʼkidlaganidek, bolalarimiz maktabdan ona tili va chet tillarini puxta oʻzlashtirib, kompyuterda ishlashni oʻrganib chiqishi zarur. Farzandlarimizni kasb-hunarlarga, sanʼat va madaniyatga qiziqtirishimiz lozim.
Oʻquvchilarda erkin, tanqidiy va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalarini shakllantirish zarur.
Shu bois, 2023-yildan maktab taʼlimini xalqaro taʼlim dasturlari asosida butunlay isloh qilish boshlanadi.
Kelasi yili 70 ta yangi maktab quriladi, 460 tasi kengaytiriladi. Xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihalari boshlanadi, kelasi besh yilda ularning soni 1 mingtaga yetkaziladi.
Qoraqalpogʻiston va Xorazmda yoʻlga qoʻyilgan boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun bepul ovqatlanish amaliyoti kelasi oʻquv yilidan ushbu qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etilishi taʼkidlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring