Karantindagi xayollar
Illyustrativ foto
Tasavvur qilaylik, ayni paytda dunyo miqyosida yaxshi bir yangilik roʻy berdi: Orol dengizining suvi qaytdi, turli xorijiy mamlakatlardagi qirgʻinbarot urushlar butkul tugadi, saratonga chalinganlar sogʻayib ketdi... Boʻlishi mumkin emas! deyishingiz tabiiy. Lekin nega?
Mening bobom yetti yil ikkinchi jahon urushida qatnashib, sogʻ qaytganlar va 60 yil yashaganlar. Undan oldin qahatchilikni boshdan kechirgan. Lekin shuncha qiyinchilik koʻrsa ham oʻsha davr odamlari sarosimaga tushmagan, ehtimol qalban iztirob chekkandir, ammo hamisha umid bilan yashagan, ortidan yaxshi nom, yaxshi amallar qoldirgan. Mana bugun ularni faxru iftixor bilan eslaymiz.
Bugun vahimaga berilgan, narx navolarni oshirgan, uyiga qop-qop oziq-ovqatlarni gʻamlayotgan odamlarni kuzatib, shu oʻylar kechdi xayolimdan. Nazarimda inson avvalo ruhan, qalban salomatlikka intilishi kerak, ana shunda jismoniy salomatlik mustahkamlanadi. Bu bir talabaning oʻylari. Aslida ham shunday boʻlishi mumkin.
Keling, ortiqcha xavotir va qoʻrquvdan chekinib, oʻzni va oʻzlikni asraylik, yaxshilar! Narxlarni oshirib, qadrimizni tushirmaylik, boʻlar-boʻlmasga yemish gʻamlab, oʻzimizni sovurmaylik, uyiga qaytolmayotgan talabalarga yoxud boshqa xil qiyinchilikdagi insonlarga qoʻlimizdan kelganicha yordam qoʻlini choʻzaylik. Zero, insonning nochorligidan foydalanish muqaddas kitoblarimizda ham taʼqiqlangan...
Dilshoda Olimova,
OʻzJOKU talabasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring