Karantin vaqti doimiy yashash joyida turmagan pensionerlarga pensiya toʻlash qanday tartibda amalga oshiriladi?

06:57 10 Aprel 2020 Jamiyat
1195 0

Oʻzbekiston Markaziy banki karantin davrida pensioner doimiy yashash manzilida boʻlmasa yoki vaqtincha roʻyxatda turgan joyda yashasa, unga pensiya mablagʻlarini yetkazish tartibini maʼlum qildi.

Maʼlum qilinishicha, pensiya toʻlovi uchun qaydnoma (vedomost)lar pensiya oluvchining yashash manzili boʻyicha Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan maxsus dastur orqali Xalq bankining tegishli filiallariga joʻnatiladi.

Ushbu qaydnomalarga asosan pensiya mablagʻlari mazkur filialga moliyalashtiriladi va filial xodimlari tomonidan ularni oluvchilariga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar asosida qaydnomaga imzo qoʻydirgan holda naqd shaklda toʻlab beriladi.

Fuqaro pensiyani tarqatish jarayonida yashash manzilida boʻlmasa va vaqtincha boshqa hududda istiqomat qilayotgan boʻlsa, mablagʻlar Pensiya jamgʻarmasiga qaytariladi hamda toʻlanmay qolgan ushbu mablagʻlar keyingi oyda qoʻshib toʻlab beriladi.

Shuningdek, fuqaro vaqtincha istiqomat qilib turgan manzilida vaqtincha roʻyxatda turgan boʻlsa, ushbu hududdagi Pensiya jamgʻarmasining boʻlimiga pensiya toʻlovlarini u vaqtincha yashab turgan hudud boʻyicha toʻlov qaydnomasiga (manzillarini aniq koʻrsatgan holda) kiritish va moliyalashtirishni soʻrab, murojaat qilishi mumkin.

Markaziy bank pensiya pullarini naqd shaklda olayotgan pensionerlarga Xalq bankining shaxsiy pensiya-overdraft kartalarini ochish va kelgusida pensiya mablagʻlarini bank kartalariga oʻtkazishni tavsiya etmoqda.

Bu orqali pensionerlar quyidagi qulayliklarga ega boʻladi:

pensioner qayerda boʻlishidan qatʼi nazar pensiya mablagʻlari oyning dastlabki kunlarida pensiya-overdraft kartasiga tushadi;

keyingi pensiya toʻlovigacha puli tugab qolgan taqdirda, pensioner oylik pensiyasining 50 foizigacha foizsiz overdraft krediti olishi mumkin;

kartadagi mablagʻlarga yillik 8 foiz miqdorida daromad hisoblanishi bilan bir qatorda, ularni Xalq bankining bankomatlari orqali foizsiz naqdlashtirish imkoniyati yaratilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер