Karantin davrida ishsiz qolgan ayol yetti oyda 250 million soʻm daromad topdi

10:41 19 Oktyabr 2020 Jamiyat
3287 0

Pandemiya aksariyat yurtdoshlarimiz matonatini sinovdan oʻtkazayotganligi rost. Bunday qaltis vaziyatda kimdir nochor qolmoqda, ayrimlar esa bugungi kun tashvishini arita olayotganidan xursand. Biroq oramizda shunday insonlar ham borki, ular har qanday vaziyatdan unumli foydalanib, nafaqat, oʻzlari, balki, oʻzgalar manfaati uchun ham xizmat qilmoqda. Ana shunday yurtdoshlarimizdan biri qoʻrgʻontepalik Umidaxon Usmonova oʻzi istiqomat qilayotgan xonadonida 10 ming bosh tovuq parvarishlab, 170 ta xonadonni kambagʻallikdan olib chiqishga koʻmaklashdi.

— Savdo bilan shugʻullanganim bois respublikamizda ilk karantin holati eʼlon qilingan paytlari daromadsiz qoldim, — deydi Umidaxon suhbatda. — Biroq qoʻl qovushtirib ham oʻtirib boʻlmasdi. Shuning uchun Asaka tumanidagi parrandachilik fermalaridan 4 ming bosh zotdor joʻjalar olib kelib, uy sharoitida parvarishlay boshladim. Buning uchun oʻzim yashayotgan xonalarni ham boʻshatib, sharoit hozirlashimga toʻgʻri keldi.

Joriy yilning mart oyida ish boshlagan ayolning uyidan Fargʻona vodiysi viloyatlaridan kelgan xaridorlar arimay qoldi. Bu esa bir joʻjaning ikkitaga, bir soʻmining ikki soʻmga ortishiga sabab boʻldi. Qarabsizki, tez orada parrandalar soni 10 mingtaga yetdi.

— Mamlakatimizda kambagʻallikni bartaraf etish boʻyicha ishlar boshlanganida oʻz tajribamni hammaga oʻrgatgim keldi, — suhbatda davom etadi Umidaxon Usmonova. — Umrim bino boʻlib tovuq boqmagan mendek ayolki, daromad topib turganimda nima uchun yon-atrofimdagilar kambagʻallikka yuz tutishi kerak? Shuning uchun ularga nafaqat, parrandachilik sirini oʻrgatgim keldi, balki, amaliy yordam berishni ixtiyor etdim.

Umidaxon shu tariqa 10 ming bosh parrandani Qoʻrgʻontepa tumanida “Temir daftar” roʻyxatiga kiritilgan 170 ta fuqarolarga taqsimlab berdi. Oʻzi esa faoliyatini yana-da kengaytirish maqsadida «Rustam-Berdivoy» nomli fermer xoʻjaligiga asos soldi. Bu orada xonadoni yana 10 ming bosh parrandalar bilan toʻldi.

— Ayni paytda «Qora shahzoda», “Rossiya paypoqli tovugʻi” va “Jaydari qora tovuq” nomlari bilan ataluvchi zotdor tovuqlarni parvarishlayapmiz,-deydi tadbirkor. –Ularning ahamiyatli jihati shundaki, tuxumi nihoyatda shifobaxsh sanaladi. Shu bois har bir tuxumning narxi 2 ming soʻmdan 15 ming soʻmgacha baholanmoqda.

Har bir ishning oʻziga yarasha murakkabliklari boʻlgani kabi parrandachilikning ham oʻziga xos parvarish uslublari mujassam. Belgilangan tartiblarga rioya qilinsa tovuqlar odatdagidek 7 oyda emas, balki 4 oyda tuxumga kirishi mumkin. Bu kabi tajribalarni oʻzlashtirish uchun Umidaxonga turmush oʻrtogʻi va oʻgʻli yaqindan koʻmak beryapti.

Pandemiya davrida oʻz daromadini tiklash harakatida ish boshlagan ayol bugun yuzlab oilalarni kambagʻallik holatidan olib chiqibgina qolmasdan, yangi ish oʻrinlarini ham yaratmoqda. Shu kunlarda umumtaʼlim maktablarini bitirib, oʻqishga kira olmagan 6 nafar bitiruvchilar ushbu fermer xoʻjaligida mehnat qilish bilan bir qatorda parrandachilik sir-sinoatlarini oʻrganishyapti.

Xalqimiz tovuqni yetti xazinaning biri, deb bejiz aytmagan. Atigi yetti oyda 250 million soʻm daromad topgan tadbirkorning faoliyatini kuzatib, bunga yana bir bor amin boʻldik.

— Fermamiz oʻzimiz istiqomat qilayotgan hovlida joylashgan,-deydi tadbirkor ayol. -6 sotix maydonni parrandalar parvarishi uchun ajratganmiz. Qoʻrgʻontepa tumani hokimligiga ferma tashkil etish uchun alohida yer yoki foydalanilmay turgan binolardan birining ajratilishi yuzasidan murojaat qilganmiz. Agar bunday imkoniyatga ega boʻlsak, faoliyatimizni yana-da kengaytirish niyatidamiz.

Tadbirkor ayol boshlagan tashabbusga Qirgʻiziston va Qozogʻiston Respublikasidan ham qiziquvchilar bor. Demak, tez orada eksport faoliyati yoʻlga qoʻyilishi ehtimoli ham yoʻq emas.

“Eplaganga elakda suv”,-deb shunga aytsalar kerakda! Umidaxon boshlagan xayrli ish tumandagi 170 ta xonadonda ildiz otib, har bir oila daromadga kirsa, bundan ortiq savob, bundan ortiq manfaat bormi! Tadbirkor ayol uyidagi xazina orqali hali koʻpchilikka amaliy yordam berish istagida.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер