Kapitan oʻzi oʻqigan maktabga kitoblar tuhfa qildi
Mudofaa vazirligi toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari tasarrufidagi harbiy qismda xizmat burchini oʻtayotgan kapitan Alisher Nasullayev oʻzi oʻqigan maktabda boʻlib, bilim dargohi kutubxonasi uchun kitoblar toʻplamini sovgʻa qildi.
— Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan 1991-yilda shu maktabning birinchi sinfiga qadam qoʻyganman, — deydi u. — Bu yerda olgan bilimlarim, ustozlarim tavsiyasi asosida oʻqigan kitoblarim menga hayotdan oʻz oʻrnimni topishimda juda asqatdi. Shu boisdan Vatan himoyachilari kuni arafasida qadrdon maktabimga borish, oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan uchrashish imkoniyati tugʻilganidan juda xursandman. Ular tomonidan tayyorlangan “Biz Vatanga qoyamiz, mustahkam himoyamiz” deb nomlangan madaniy-maʼrifiy tadbirni tomosha qilib, oʻgʻil-qizlar koʻzidagi bilimga tashnalik, ishtiyoq, intilishni koʻrib, beixtiyor bolaligim esimga tushdi. Oʻquvchilar bilan ona-yurtga sadoqat, vatanparvarlik, insonparvarlik mavzusida maroqli suhbat qurdik.
Viloyatda “Qadrdon maktabimga kitob sovgʻa qilaman” aksiyasi doirasida oʻtkazilayotgan harbiy xizmatchilar ishtirokidagi bunday uchrashuvlar davom etmoqda.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring