Kambagʻallikni aniqlash mezoni qanday?
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida mamlakatimizda 10-15 foiz aholi kambagʻallikda yashashi haqida gapirib oʻtdi hamda aholini kambagʻalchilikdan chiqarish boʻyicha vazifalar belgilab qoʻyildi.
Shu oʻrinda bitta savol tugʻiladi? Kambagʻalchilik qanday oʻlchanadi va uning biron bir mezonlari bormi? Kim kambagʻal? Ishsiz aholimi, uy-joyi yoʻq yoki tomorqasi boʻla turib, daromad ololmayotgan fuqaromi?
Xoʻsh, aholining turmush darajasi qanday oʻlchanadi?
Aholi turmush darajasi va sifati iqtisodiy va ijtimoiy siyosatning, aholi daromadlari va xarajatlarini tartibga solish boʻyicha siyosat natijasi koʻrsatkichidir. Turmush darajasini aniqlash uchun “Isteʼmol savati”dan, yaʼni muayyan isteʼmol darajasini taʼminlovchi tovarlar va xizmatlar majmuidan foydalaniladi.
Isteʼmolning minimal va ratsional darajasi mavjud. Isteʼmolning minimal darajasi isteʼmolchining mavjud boʻlgan normal sharoitlarni taʼminlash chegarasidan tashqariga chiqaradi, yaʼni u kambagʻallar toifasiga aylanadi. Isteʼmolning ratsional darajasi bu individ uchun eng maqbul isteʼmol miqdori va tarkibidir. Ratsional isteʼmol byudjetida xarajatning asosiy qismini nooziq-ovqat tovarlar: maishiy va madaniy maqsadlar uchun moʻljallangan narsalar, minimal isteʼmol byudjet esa inson tanasining normal ishlashi uchun zarur boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari uchun moʻljallangan. Isteʼmolning minimal darajasi qashshoqlik chegarasini belgilaydi. “Qashshoqlik chegarasidan” pastda yashovchi aholi ulushi mamlakatda turmush darajasini tavsiflovchi eng muhim koʻrsatkichlardan biri hisoblanadi.
Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, kambagʻallik mezonini aniqlash uchun avvalo isteʼmol savatchasining huquqiy asoslarini belgilab olish lozim boʻladi.
2020-yil 3-iyun kungi muhtaram Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga joriy yil 1-oktyabriga qadar tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor va minimal isteʼmol savatchasining huquqiy asoslarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Xoʻsh, isteʼmol savatchasi qanday aniqlanadi?
Jahon tajribasida aholi yashash minimumini hisoblashning quyidagi usullari mavjud:
Statistik usul. Aholi 10-20% kam taʼminlangan qatlamning oʻrtacha daromadi darajasidagi yashash minimumi. Yuksak rivojlangan davlatlarda qoʻllaniladi.
Sotsiologik usul. Zarur minimal daromadlar haqidagi aholi fikriga tayanib belgilanadi. Odatda, davlatning yashash minimumini oʻrnatish imkoniyatlari bilan aholi fikri toʻgʻri kelmaydi, biroq bu usul aholining isteʼmolini toʻgʻri belgilaydi.
Resurs usuli. Yashash minimumini iqtisodiyotning imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilash. Bu usul ham yuksak rivojlangan davlatlarda qoʻllaniladi.
Normativ usul. Davlat tomonidan minimal isteʼmol byudjeti qonun va ijtimoiy normativlar bilan belgilanadi.
Nisbiy usulda rivojlangan davlatning aholisi soni daromadiga koʻra teng ikkiga boʻlinadi (yarmi kam daromadli va qolgan yarmi koʻp daromadli aholi). Aholini teng ikkiga ajratuvchi daromad mediana daromadi ham deyiladi. AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniyada –medianadan 40% miqdorida, Finlyandiya, Italiya, Gretsiya, Ispaniyada – 50%, Portugaliya va Irlandiyada 60% miqdorida yashash minimumi belgilangan.
Yashash minimumi eng kichik miqdorining tarkibi turli davlatlarda turlicha qilib belgilangan. Masalan, AQSHda “isteʼmol savatchasi”ga 300 nomdagi, Germaniyada 475 nomdagi, Angliyada 350 nomdagi, Rossiyada 156 nomdagi tovar va xizmatlar kiritilgan.
Isteʼmol savatchasi uchta asosiy tarkibiy qismga: oziq-ovqat, nooziq-ovqat va xizmatlarga ajratish mumkin. Isteʼmol savatchasidagi oziq-ovqatlar miqdori ulushi aholining turmush darajasini qay darajada ekanligini belgilaydi. Oʻzbekiston aholisining aksariyat qismining “isteʼmol savatchasi”da oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi ziyod. Xuddi shuni bartaraf etish va isteʼmol savatchasida nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlari miqdorini oshirish maqsadida Prezident tomonidan ijro hokimiyati oldiga bir qator vazifalarni belgilab berildi. Bunda asosiy eʼtibor, aholini tadbirkorlikka oʻrgatish, bor imkoniyatdan samarali foydalanishga qaratildi.
Maʼlumki, aholimizning koʻp qismi qishloq joylarda istiqomat qiladi va ularda tomorqa yerlari mavjud. Mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi kam taʼminlanganlar roʻyxatida turuvchi aholining aksariyatining tomorqasi boʻlib, ularni toʻgʻri yoʻnaltirish, tomorqasidan daromad olishni oʻrgatish bugungi iqtisodiyotimizning asosiy maqsadidir.
Isteʼmol savatchasining huquqiy asosini yaratish orqali aholi kambagʻallikdan qutulib qolmaydi, balki ularning soniga aniqlik kiritiladi, xolos. Xuddi shu maqsadda aholi daromadini oshirishning eng samarali yoʻli bu fuqarolarni boqimanda kayfiyatdan chiqarish, ularning bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka yoʻnaltirishdan iborat boʻlishi lozim.
Bundan tashqari, “isteʼmol savatchasi”ni tasdiqlash va isteʼmol byudjeti chegaralarini belgilash munosabati bilan mamlakat iqtisodiyoti, hududlari va tarmoqlarida ish haqining minimal chegaralarini qayta koʻrib chiqish, ish haqi va isteʼmol byudjetining minimal miqdori nisbatlarini aniqlashtirish va ularni bosqichma-bosqich tenglashtirish amaliyotini joriy qilish zarur boʻladi.
Oltinoy MAMIROVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring