Yoʻl harakati xavfsizligi sohasida oʻzgarishlar boʻladi
Illyustrativ foto
Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan parlament soʻrovi yuborilgan edi. Jumladan, soʻrovda umumtaʼlim maktablarida yoʻl harakati qoidalari va harakat xavfsizligi asoslarini oʻrgatish uchun oʻquv reja, dasturlar, darslik va oʻquv qoʻllanmalar mavjud emasligi masalasi koʻtarilgandi. Shuningdek, xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha muassasalar oʻquv dasturiga tegishli mavzular kiritilmaganligi qayd etilgandi.
Shu kunlarda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasiga kelgan javobda parlament soʻrovidan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, yoʻl-transport hodisalarining oldini olish boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan kompleks chora-tadbirlar dasturi” ishlab chiqilganligi maʼlum qilingan. Unda “Hayotiy faoliyat xavfsizligi” majburiy fanini joriy etish, tegishli dasturlarni ishlab chiqish va tasdiqlash belgilandi. Bu masala boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini 1-oktyabrgacha ishlab chiqish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2021-yil yanvar oyidan oʻqituvchilar malakasini oshirish dasturiga yoʻl harakati qoidalarining kiritilishi koʻzda tutilgan.
Parlament soʻrovida koʻtarilgan yana bir dolzarb muammo - Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi “Yoʻl harakati qoidalari”ni ham takomillashtirish zarurati edi. Jumladan, mazkur Qoidalardagi baʼzi bandlarning oʻrni almashtirib yuborilgani oqibatida tegishli bandlardagi havolalar mutlaqo boshqa bandlarga taalluqli boʻlib qolayotgani qayd etilgandi. Bundan tashqari, Qoidalarning oʻzbek va rus tillaridagi matnlarida ham katta tafovutlar mavjud. Bu masala boʻyicha yuqoridagi dasturda 2021-yil 1-yanvariga qadar Yoʻl harakati qoidalarining yangi tahririni ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
Shuningdek, parlament soʻrovida haydovchilik guvohnomasini olish uchun bilimlarni baholashda test savollari imtihon biletlaridagi yoʻl harakati qoidalariga zid yoki maʼnaviy, texnik eskirganligi masalasi koʻtarilgandi. Bunga javoban Vazirlar Mahkamasining tegishli chora-tadbirlar dasturida 2021-yilning 1-iyuniga qadar test savollarini qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish vazifasi qoʻyildi.
Yoʻqotilgan (oʻgʻirlangan, yongʻin, tabiiy ofat oqibatida va boshqa hollarda) milliy haydovchilik guvohnomasi dublikatini olishning amaldagi tartibi oʻta murakkab, korrupsiyaga ochiqdan-ochiq yoʻl ochuvchi talablar, byurokratik toʻsiqlardan iborat ekanligi – bu parlament soʻrovida koʻtarilgan yana bir muammo. Bu masala yuzasidan yuqoridagi dasturda 1-noyabrga qadar guvohnomasini yoʻqotgan haydovchilar arizasini qabul qilish va ichki tizim orqali maʼmuriy amaliyot boʻlimidan zarur maʼlumotlarni elektron olish dasturini joriy etish nazarda tutilmoqda. Bunda Ichki ishlar vazirligining yagona avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi maʼmuriy amaliyot tizimi bilan integratsiya qilinadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring