Yil yakuniga qadar “Tez yordam”ga yana 610 dona A toifali “Volkswagen Caddy” avtomashinalari beriladi — SSV
“Oltin soat” oraligʻida bemorga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish — “103” xizmatining eng asosiy vazifasi. Bunday pallalarda tibbiyot brigadasining chaqiruv manziliga tez va kechikmay borishi, oʻz navbatida, bemorlarning tibbiy koʻrsatmaga muvofiq shifoxonaga zudlik bilan yetkazilishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Shu boisdan yurtimizda “Tez yordam” xizmati faoliyatini takomillashtirish, soha amaliyotiga eng soʻnggi ilmiy-texnik vositalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Ayniqsa, tizimni eng soʻnggi rusumdagi va barcha qulayliklarga ega boʻlgan zamonaviy avtotransport vositalari bilan taʼminlash borasidagi keng qamrovli chora-tadbirlar kechiktirib boʻlmaydigan vaziyatlarda koʻplab insonlar hayotini saqlab qolish imkonini berayotir.
Raqamlarni tahlil qilsak, birgina joriy yil yanvar oyida Respublika tez tibbiy yordam markazi avtoparki yurtimizda ishlab chiqarilgan 220 ta “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam mashinalari bilan taʼminlandi. Shuningdek, mart oyida “Jizzakh Auto” tomonidan yigʻilgan bu turdagi avtomobillarning yana 117 donadan iborat navbatdagi partiyasi hududlarga taqdim etildi.
Bugun esa A toifali yana 50 ta “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinalarini Qashqadaryo va Xorazm viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmalari tizimidagi “103” shaxobchalariga yetkazib berish boshlandi.
— Dunyo tajribasida tez tibbiy yordam xizmatidagi avtotransport vositalarini ishlatish muddati oʻrtacha 5-8 yilni tashkil etadi, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov. — Yurtimizda ham foydalanilayotganiga 8 yildan oshgan mashinalarni yangilash lozimligi belgilangan.
Shu sababli “103” xizmatida eskirgan avtoulovlarni bosqichma-bosqich zamonaviylariga almashtirish choralari koʻrilmoqda. Bugungi tadbir esa bu ishlarning amaliy ifodasi boʻlib, yil yakuniga qadar yana 610 dona ana shunday transport vositalari hududlarga yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, beshinchi avlod A toifali “Volkswagen Caddy” mutlaqo yangi MQB platformasida ishlaydi. Ular 1,6 MPI atmosferali motor bilan jihozlangan boʻlib, 6 pogʻonali mexanik uzatmalar qutisi va 110 ot kuchiga ega. 100 kilometr masofaga avtomobil aralash siklda 7 litr yonilgʻi sarflaydi.
Eng soʻnggi va zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bu avtotransport vositalari xalqaro talablarga toʻla mos kelib, uning ichki qismi bemor va tibbiy xodimlarning qulay joylashishi imkonini beradi.
Shuningdek, ular shahar ichida harakatlanish boʻyicha yuqori texnik koʻrsatkichlarga ega boʻlib, oʻtuvchanligi, ishonchliligi hamda tejamkorligi bilan ajralib turadi. Eng muhimi, bu avtomobillarda harakatni toʻxtatmay turib ham bemorga zarur tibbiy yordam koʻrsatish mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring