Izlanuvchi yoshlar hamisha ragʻbat ostonasida
Oʻzbekiston — yoshlar mamlakati. Shu bois, yoshlar taʼlim-tarbiyasi va kamolotiga alohida eʼtibor qaratiladi. Yoshlarni huquqiy va ijtimoiy muhofaza qilish, isteʼdodini qoʻllab-quvvatlash masalalari ham ustuvorlik kasb etyapti.
Oliy taʼlim sohasidagi islohotlar va imkoniyatlar esa yigit-qizlarning malakali mutaxassis boʻlib hayotga kirib kelishida, qolaversa, koʻplab fan olimpiadalarida, nufuzli xalqaro tanlovlarda yuqori natijalarni qoʻlga kiritishlarida muhim oʻrin tutyapti, desak, ayni haqiqat.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 3-bosqich talabasi Feruz Hakimov mamlakatimizda yoshlarga yaratib berilayotgan taʼlim imkoniyatlaridan unumli foydalanib, bir qator yutuqlarga erishayotgan ana shunday iqtidorli yoshlardan biridir.
U joriy yilning 24 — 28-aprel kunlari Rossiyaning Yekaterinburg shahrida “XIII Yevroosiyo iqtisodchi yoshlar forumi” doirasida oʻtkazilgan “Rossiya, yaqin va uzoq xorij mamlakatlarida tadbirkorlik faoliyatini hisobga oid tahliliy qoʻllab-quvvatlash” xalqaro ilmiy loyihalar tanlovining gʻolibi boʻldi.
Xoʻsh, F. Hakimov bu yutuqlarga qanday erishdi? Uning kelgusidagi maqsad va intilishlari, rejalari nimalardan iborat?
Suhbatimiz chogʻida ushbu savollarga F. Hakimovdan batafsil javob oldik.
— Maktab vaqtida hamma fanga qiziqqanman. Hamma fanlarni birdek oʻrganishga harakat qilganman. Lekin aniq bir yoʻnalishdan ketish maqsadi boʻlgan emas. Oʻqituvchilarimdan maslahat soʻrasam oʻzining sohasini tavsiya qilishgan. Mening faqat bitta maqsadim boʻlgan, yetuk kadr boʻlishim uchun nima qilishim kerak.
Til bilishim kerak, matematikani yaxshi oʻrganishim kerak, tarixni bilishim kerak shunda bitiruv sinfiga kelgan vaqtimda qaysi sohadan ketsam ham ishim yengil boʻladi, deb oʻylaganman. 10-sinfligimda xalqaro iqtisodiyot va moliya olimpiadasi boʻlib qolgan. Ustozim menga ingliz tilini bilganligim sababli shu olimpiadada qatnashib koʻr degan, men rozi boʻlganman.
Maktab bosqichidan oʻtdim, keyin tuman, keyin viloyat bosqichiga chiqqanman. Viloyat bosqichi qiyin boʻlgan, yozma va test shaklida topshirganmiz. Soha iqtisod boʻlganidan keyin savollar ham qiyin. Xullas topshirganmiz, javoblar eʼlon qilinganida qarasam birinchi oʻrinni qoʻlga kiritibman. Yosh va tajribasiz boʻlganim uchun buni kutmagandim. Bu olimpiadaga tayyorlanish uchun ingliz tilidan lugʻatlar yodlaganman, bir qator kitoblar oʻqib chiqqanman.
Bundan keyin Respublika bosqichida ham faxrli oʻrinni qoʻlga kiritganimdan keyin ustozlarim menga aytishgan, sen iqtisod sohasi boʻyicha ket, bu sohada sening biliming bor ekan deyishgan. Shu voqealar sabab boʻlib oldimga maqsad qoʻyganman, men iqtisod boʻyicha ketaman. Shu boʻyicha oʻqidim, izlandim, ustozlarimning qoʻllab – quvvatlovi va ota – onamning duolari bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga oʻqishga kirganman.
Oʻzbekiston yildan-yilga har bir sohada rivojlanib yuqori pogʻonalarga koʻtarilib boryapti. Turli xil forumlar, uchrashuvlar, yigʻilishlar aynan bizning davlatimizda oʻtkazilayapti. Bu mamlakatimizning dunyoda oʻz oʻrnini egallayotganidan darak beradi.
Shuning uchun ham bunday olimlar bizning davlatga qiziqish bildirib tashrif buyurishyapti. Shaxsan bizning universitetga ham Nobel mukofoti laureati Raye Kvon Chung tashrif buyurdi, u bilan hamkorlik qilyapmiz. Yaqinda 16 — 18-may kunlari Samarqand shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda dunyoning koʻplab davlatlaridan ekspertlar qatnashdi. Bu ham Oʻzbekistonning oʻz taraqqiyot yoʻlidan ketayotganining bir belgisidir.
Davlatni rivojlantirish uchun aynan biror katta ishni qilishingiz shart emas. Siz biror sohani egallaysiz va shu yoʻnalish boʻyicha qoʻlingizdan kelgan ishlarni amalga oshirasiz. Mana shu ham sizning yurtingiz rivoji yoʻlida qilayotgan bir xizmatingizdir. Hozir esa men yana harakat qilyapman. Maqsadim, birinchi navbatda, til oʻrganish, oʻz sohamning yetuk mutaxassisi boʻlish hamda chet elda oʻqib, egallagan bilimlarimni Oʻzbekistonda tatbiq qilishdir.
Tengqurlarimga shuni aytishni istardimki, oldingizga biror maqsad qoʻydingizmi, orqaga chekinmang. Siz bu yoʻlda qiyinchiliklarga uchrayapsizmi, demak toʻgʻri yoʻldasiz. Bu yoʻlning oxiriga yetishingiz uchun kecha-yu kunduz mehnat qilishingiz kerak.
Oʻzim iqtisod boʻyicha oʻqiganim uchun ustozim iqtisodiyot fanlari doktori, professor Muhiddin Kalonov bilan birga soliq siyosatiga oid kitob chop qildik. Ustozimning oʻzi juda koʻplab kitoblar chop etgan, bu kitoblarning har birini katta qiziqish bilan oʻqiyman. Shundan keyin ustoz bilan kitob yozish gʻoyasi keldi menga.
Biz iqtisod sohasida oʻqiymiz lekin bu bilan cheklanib qolganimiz yoʻq, “Muqimiy asarlarida ijtimoiy-iqtisodiy muammolar dolzarbligi” mavzuida ilmiy risola ham chop etdim. Bu risola orqali Muqimiyning hayoti, asarlari, hayotidagi jarayonlar, iqtisodiy tahlillari, oʻsha davr voqealiklarini yoritib berishga harakat qildim.
Albatta, zamon shiddat bilan rivojlanib boryapti. Biz ham zamonga yarasha intellektga ega boʻlishimiz kerak. Men mana shu yoʻlda harakat qilib, jonajon Oʻzbekistonimizni yanada gullab yashnashi yoʻlida sidqidildan hissa qoʻshmoqchiman. Buning uchun bizga barcha imkoniyatlar yaratib berilgan. Bu bizni koʻzlagan marralarga erishishimizda katta motivatsiya beradi.
OʻzJOKU talabasi Bunyod BOBOXONOV yozib oldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring