Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan koronavirus infeksiyasining yurtimizga kirib kelganligi haqidagi xabarlar yolgʻon — SSV
Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus infeksiyasi mamlakatimizga kerib kelganligi haqidagi, asoslanmagan xabarlar tarqalmoqda. Ushbu xabarlar mutlaqo yolgʻon boʻlib, ayni paytga qadar yurtimizda koronavirus kasalligi umuman qayd etilmadi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasiga yuqumli kasalliklar, jumladan, “COVID-19” koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralaridagi mavjud 53 ta sanitariya-karantin punktida qatʼiy nazorat oʻrnatilgan. Ushbu punktlar zamonaviy tibbiy jihozlar bilan toʻliq taʼminlangan.
Aholi oʻrtasida koronavirus infeksiyasi boʻyicha epidemiologik barqarorlikni taʼminlashga yoʻnaltirilgan barcha profilaktik va epidemiyaga qarshi nazorat tadbirlari Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan xalqaro tibbiy sanitariya talablari asosida amalga oshirilmoqda. Bu borada Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hamda mahalliy mutasaddi vazirlik va idoralar bilan ham hamkorlikda tizimli faoliyat olib borilmoqda.
Afsuski, yuqoridagi kabi yolgʻon xabarlar aholining sarosimaga tushishiga sabab boʻlmoqda. Shu bois, Sogʻliqni saqlash vazirligi aholidan koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq vaziyatdan xavotirga tushmasliklarini, agar ushbu holat bilan bogʻliq savollar boʻlsa, vazirlik huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining (71) 276-46-65, (71) 276-49-66 telefon raqamlariga murojaat qilishlarini soʻraydi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring