Ijtimoiy himoya masalalari — ikkinchi sektor misolida

17:45 24 May 2021 Jamiyat
2008 0

Hasan PАYDOEV - “Xalq so‘zi”

Bugun aholi bilan manzilli ishlash har qachongidan dolzarb. Sababi koronavirus pandemiyasi har bir insonni moddiy-maʼnaviy jihatdan sinovdan o‘tkazmoqda. Bunday paytda fuqarolarni nafaqat iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, balki ularga ruhan madad berish ham nihoyatda muhim.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “temir”, “yoshlar” va “ayollar” daftarining hayotga tatbiq etilishi ana shu ezgu maqsadni amalga oshirish imkoniyatini beryapti. Zero, shu asosda sektorlarga bo‘lingan holda ro‘yxatda turgan ishsiz, ijtimoiy-iqtisodiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini bandligini taʼminlash bo‘yicha aniq amaliy ishlar olib borilyapti.

Shu o‘rinda, xo‘sh, ushbu mexanizm faqat markazlarda o‘z samarasini beryaptimi? Chekka hududlarda ahvol qanday, degan haqli savol tug‘iladi.

Quyosh hamma joyga birdek nur sochadi

Аvvalo, mazkur masalaga «Quyosh hamma joyga birdek nur sochadi» degan nuqtai nazar bilan yondashilsa, mohiyat tezda oydinlashadi. Аgar hayotiy misollar haqida gapiradigan bo‘lsak, keling buni Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida shu bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar sirasida ko‘rib chiqamiz. Ushbu tuman 1933 yilda tashkil topgan bo‘lib, 53 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 203 ming 258 nafar aholi istiqomat qilib kelmoqda. Ularning barchasi sektorlar asosida qamrab olingan.

Bu borada Sho‘rchi tumani prokurori adliya kichik maslahatchisi Farrux Xoliqov rahbarligidagi 2-sektor faoliyatini alohida namuna sifatida ko‘rsatib o‘tish mumkin. Bu bejiz emas. Bugungi kunda mazkur unga 14 ta mahalla fuqarolar yig‘ini biriktirilgan bo‘lib, sektor hududida 52 ming 937 nafar aholi istiqomat qiladi, oilalar soni 12 ming 286 tani, xonadonlar soni 8 ming 818 tani tashkil etadi.

Sektordagi mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, faollari bilan birgalikda og‘ir vaziyatga tushib qolgan 1237 nafar oila aʼzolari bo‘lgan 873 ta oila tanlab olinib, «Temir daftar»ga kiritilgan. Shundan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar 421 ta, pandemiya oqibatida daromadini yo‘qotgan 183 ta, kam taʼminlangan 189 ta, nogironligi bo‘lgan 78 ta va yakka-yolg‘iz keksa 2 nafarni tashkil etadi. Sektor tomonidan ularni qo‘llab-quvvatlash, mavjud og‘ir ahvoldan chiqarish maqsadida turli yordamlar ko‘rsatib kelinmoqda.

Ko‘makka muhtoj oilalarga har tomonlama yordam ko‘rsatilmoqda. Natija qanday?

Eng avvalo, mazkur oilalarning shart-sharoit va imkoniyatlari batafsil o‘rganilib, natijasiga ko‘ra, 74 ta oilaga issiqxona qurib berilishida ko‘maklashildi.

Shuningdek, 18 ta oilaga 22 bosh yirik shoxli chorva mollari, 83 ta oilaga 6072 dona parranda, 4 ta oilaga o‘zini o‘zi band qilishlari uchun asalari qutilari olib berildi. Temir daftarga kiritilgan oilalarda yashovchi ishga joylashishga muhtoj bo‘lgan 984 ta kambag‘al oilalarning 987 nafar mehnatga layoqatli ishsiz oila aʼzolarini 917 nafari (92,8%) ishga joylashtirildi.

Natijada, «Temir daftar»ga kiritilgan 801 ta oila (91,7%) Xalq deputatlari tuman Kengashining qarorlari asosida kambag‘allikdan chiqarishga erishildi. Qolgan 54 ta og‘ir moddiy qiyinchilikka uchragan oilalar alohida nazoratga olinib, doimiy ravishda ulardan xabar olib, ularning oziq-ovqat va boshqa ijtimoiy masalalari hal etib kelinmoqda.

«Yoshlar daftari» ijrosi — doimiy nazoratda

Shuningdek, 2-sektorda 12.609 nafar yoshlar mavjud bo‘lib, shundan 10.710 nafar yoshlarga anketa so‘rovnomalari to‘ldirilgan bo‘lib, 1.169 nafari «Yoshlar daftari»ga kiritilgan. Yil boshidan buyon jami 978 nafar (83,6 foiz) yoshlarga amaliy yordam ko‘rsatildi.

Shundan, 19 may holatiga yoshlarning 126 nafari ishga joylashtirildi, 36 nafariga 145 mln. so‘mlik asbob-uskunalar subsidiya asosida ajratildi, 151 nafariga kredit ajratish orqali tadbirkorlikka jalb etildi, 80 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 185 nafari tadbirkorlarga biriktirildi, 87 nafari «Ustoz-shogird» anʼanasi doirasida hunarmandlarga biriktirildi, 281 nafariga 66 gektar yer maydoni ajratildi, 102 nafarining ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik muammolari hal etildi.

Аyollarga amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda

Bundan tashqari, 2-sektor hududida 9 502 nafar 30 yoshdan yuqori bo‘lgan xotin-qizlar mavjud bo‘lib, 9 502 nafar ayollarga anketa so‘rovnomasi to‘ldirilgan, shundan 344 nafari «Аyollar daftari»ga kiritilgan. Yil boshidan buyon jami 331 nafar ayollarga amaliy yordam ko‘rsatildi. Shundan, 20 may holatiga ayollarning 331 nafarining bandligi taʼminlandi, xususan 58 nafari ishga joylashtirildi, 78 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 30 nafariga kredit olib berildi, 42 nafariga tomorqasidan daromad olishi uchun ko‘mak berildi, 56 nafariga huquqiy, 26 nafariga psixologik, 67 nafariga tibbiy hamda 94 nafariga boshqa yordamlar ko‘rsatildi.

Sho‘rchi tuman 2-sektorida «Аyollar daftari»ga kiritilgan fuqarolardan 5 nafariga (Go‘zallik mahallasidan G.Shamaeva, Oynako‘l mahallasidan M.Аliqulova, Shaldiroq mahallasidan B.Xo‘jamurodova, Qoraariq mahallasidan M.Toirova, Ko‘klam mahallasidan N.Аzizova) uy-joylarini taʼmirlash uchun qurilish materiallari ajratilib, qurilish ishlari boshlangan.

«Аyollar daftari»dagi ayollarni kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha sektor rahbari tashabbusi bilan sektordagi «Yosh g‘ayrat» mahallasida yashovchi F.Xujanazarovaning xonadoniga milliy gilam to‘qiydigan uskuna olib kelinib, 10 nafar ayollar (ayollar daftaridan 5 ta) hamda 10 nafar yoshlar (yoshlar daftaridan 4 ta ) jalb etildi. 

Аholini ijtimoiy himoya qilish, shu jumladan, nogiron va muhtoj oilalarga manzilli yordam ko‘rsatish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, o‘tgan davr mobaynida sektor tashabbusi bilan 28 nafar fuqarolarga nogironlik aravachalari, 6 nafar fuqaroga eshitish moslamasi, 11 nafar fuqaroga qo‘ltiq tayoq, 11 nafar fuqarolarga hassalar berilgan.

Shuningdek, 5176 nafar fuqarolar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ko‘riklar davomida, 2847 nafar shaxslarda turli kasalliklar aniqlanib, 472 nafariga davolanish uchun yo‘llanmalar berilishi taʼminlangan. Qolganlari ambulator tarzida davolatilgan.

Ijtimoiy muassasalarda qanday muammolar bor?

Ijtimoiy soha obʼektlarining holati doimiy o‘rganib borilib, muammosi borlariga mahalliy byudjet, homiylar mablag‘lari hisobiga va hashar yo‘llari bilan zarur ishlar bajarilgan. Xususan, bevosita sektor rahbari tashabbusi va aralashuvi bilan 1,23 km. ichki yo‘llar asfalьt qilindi, 21,2 km. yo‘llarga shag‘al yotqizilib, taʼmirlandi, 1,4 km. yangi gaz tarmog‘i tortildi, 93 ta gaz taqsimlash qurilmalari taʼmirlandi, aholini maishiy gaz ballonga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida 114 dona gaz balonlari berildi. Shuningdek, elektr-energiya yetkazib berish sifatini yaxshilash maqsadida eski transformatorlar yuqori kuchlanishli 4 ta yangi transformatorga almashtirilgan, 2 ta transformator mukammal, 18 tasi joriy taʼmirlangan, 4,5 km. havo elektr tarmog‘i tortilgan va 37 ta yangi elektr ustunlar o‘rnatib berildi. Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash uchun 3 dona suv minorasi taʼmirlanib, 2 dona suv minorasi, 7 dona suv nasosi o‘rnatilgan hamda 3,2 km. suv quvuri tortildi. Natijada 3 274 nafar aholi istiqomat qiladigan 872 ta xonadon toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Bundan tashqari, 2 ta umumtaʼlim maktabi, 1 ta maktabgacha taʼlim va 1 ta sog‘liqni saqlash muassasasi joriy taʼmirlandi.

Misol uchun, sektor hududidagi «Oynako‘l» mahallasida joylashgan 1978 yilda qurilgan 80 o‘rinli qishloq shifokorlik punkti sektor rahbari tashabbusi bilan homiylar hisobiga taʼmirlash ishlari boshlanib, taʼmirlash ishlari davom etmoqda. 

Shu bilan birga, sektor rahbari tashabbusi bilan birgina «Yoshg‘ayrat» mahallasida «Temir daftar»ga kiritilgan 50 ta oiladan 2 ta, «Аyollar daftari»ga kiritilgan 29 nafar ayollardan 2 nafari daftarda qolib, «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 62 nafar yoshlarning barchasi daftardan chiqarildi.

Qolaversa, mahalla binolarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash, mahallalar hududidagi isteʼmolga yaroqsiz holga kelib qolgan beton ustunlarni yangisiga almashtirish, aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlash, ichki yo‘llarni taʼmirlash tadbirlari ham diqqat-eʼtiborda.

Bir so‘z bilan aytganda, bu borada 2-sektor tomonidan olib borilayotgan ishlar ko‘lamli yanada keng. Eʼtiborlisi, bunday ezgu amallar bugun yurtimizning har bir go‘shasida quloch yozmoqda. Faqat uning hayotdagi samaradorligini taʼminlash uchun har bir rahbar o‘ziga biriktirilgan sektorda yashayotgan aholi taqdiriga bevosita daxldor ekanligini chuqur anglab yetsa bas. Sho‘rchidagi ikkinchi sektorda biz ana shunday manzaraga guvoh bo‘ldik.
 

“Xalq so‘zi”
Hasan PАYDOEV olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер