ITB elektron toʻlov platformasini ishga tushirdi

21:00 03 Sentyabr 2021 Iqtisodiyot
1170 0

Islom taraqqiyot banki Boshqaruv kengashining Toshkentda oʻtkazilayotgan 46 yillik yigʻilishi doirasida moliyaviy samaradorlikni oshirishga qaratilgan yangi platformani joriy etish masalasiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda Senegal Respublikasi Markaziy banki boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchi Xalifa Abubakar Sarr, Indoneziyaning Oʻzbekistondagi elchisi Sunario Kartadinata, shuningdek, ITB vitse-prezidentlari doktor Zamir Iqbol va doktor Mansur Muxtor ishtirok etdi.

Pul mablagʻlari toʻlovini tezlashtiruvchi raqamli platforma bank operatsiyalarining samaradorligini oshiradi va ishbilarmonlik munosabatlarini amalga oshirishni soddalashtiradi.

Platforma foydalanuvchilarga real vaqt rejimida toʻlov talabnomalarining holatini kuzatib borish va xavfsizlikni taʼminlovchi shart-sharoitlarda toʻlov bilan bogʻliq muammolarni hal qilish uchun loyihaviy guruhlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik qilishga imkon beradi.

ITBning moliya boʻyicha vitse-prezidenti va moliyaviy direktori doktor Zamir Iqbolning taʼkidlashicha, ITBga aʼzo mamlakatlar rivojlanishga xizmat qiluvchi maqsadlarga erishishda ushbu yangi tizimning imkoniyatlaridan samarali foydalanishlari mumkin.

Platforma global texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan boʻlib, mobil qurilmalarda aks ettirishga ham moslashtirilgan. Shuningdek, unda qoʻlda bajariladigan jarayonlar bilan bogʻliq boshqaruvdagi har qanday nuqsonlarni bartaraf qilish mumkin.

Pandemiya va ITB tomonidan aʼzo mamlakatlarning iqtisodiy barqarorligini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan saʼy-harakatlar bank operatsiyalarining samaradorligi dolzarb ahamiyat kasb etishini koʻrsatdi. Shundan kelib chiqib, yangi elektron toʻlov platformasini taʼsis etish muhim strategik qadam boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер