Italiya yana Jahon chempionatisiz qoldi, Turkiya 24-yildan keyin yana mundialda

10:13 01 Aprel 2026 Sport
276 0

Mart oyidagi FIFA kunlari doirasida Jahon chempionati saralashining yakuniy bosqichi oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Kecha, 31-mart kuni Yevropa mintaqasida mundial saralashining hal qiluvchi oʻyinlari oʻtkazildi va yana 4 ta jamoa Jahon chempionatiga yoʻl oldi.

Jahon chempionatida soʻnggi bor 2014-yilda oʻynagan Italiya terma jamoasi keyingi ikki mundialni qoniqarsiz natijalar sababli oʻtkazib yuborgan edi. 2026-yilgi musobaqaga ham jamoa saralashdan chiqa olmadi. Kechagi bahsda Bosniya terma jamoasi Italiyani yana bir bor JCHni televizor orqali kuzatishga majbur qildi.

Ushbu uchrashuvda hisob 15-daqiqada Italiya yetakchisi Moize Kin tomonidan ochildi. Biroq taym soʻnggida himoyachi Alessandro Bastoni qizil kartochka olib maydonni tark etdi.

Shundan soʻng ikkinchi boʻlimda Bosniya tashabbusni qoʻlga oldi. 79-daqiqada Xaris Tabakovich hisobni tenglashtirdi. Asosiy vaqt durang bilan yakunlandi. Qoʻshimcha boʻlimlarda ham gʻolib aniqlanmadi va oʻyin penaltilar seriyasigacha bordi.

Penaltilarda omad Bosniya tomonida boʻldi. Ular barcha zarbalarini aniq bajargan boʻlsa, Italiya safida Franchesko Pio Espozito va Brayan Kristante xato qildi. Shu tariqa Bosniya 12-yillik tanaffusdan soʻng Jahon chempionatiga chiqdi.

Oxirgi marta 2002-yilda mundialda qatnashgan Turkiya terma jamoasi esa 24-yillik tanaffusdan keyin yana yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Kosovo maydonida oʻtgan oʻyin taqdirini 53-daqiqada Kerem Aktyurkoglu kiritgan gol hal qildi.

Shvetsiya terma jamoasi ham qiyinchilik bilan boʻlsa-da JCHga yoʻl oldi. Polshaga qarshi oʻyinda hisob 19-daqiqada Antoni Elanga tomonidan ochildi. Keyin Nikola Zalevski hisobni tenglashtirdi. Birinchi boʻlim soʻnggida Gustaf Lagerbilke Shvetsiyani oldinga olib chiqdi.

Ikkinchi boʻlimda Karol Sviderski hisobni yana tenglashtirdi. 88-daqiqada esa Viktor Gyokeresh gʻalaba golini kiritib, jamoasini mundialga olib chiqdi.

Soʻnggi bahsda Chexiya terma jamoasi oʻz maydonida Daniyani qabul qildi va sensatsion tarzda yoʻllanmani qoʻlga kiritdi. Uchrashuvda hisobni Pavel Shuls ochdi. Keyin Yoakim Andersen hisobni tenglashtirdi.

Qoʻshimcha vaqtlarda Ladislav Kreychi va Kasper Xyog gollari qayd etildi. Penaltilar seriyasida esa omad Chexiyaga kulib boqdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер