Italiya va Turkiyadan gʻalaba, Ukraina va Uels Jahon chempionati yoʻllanmasidan mahrum boʻldi
Kecha, 26-mart kuni Yevropa mintaqasida Jahon chempionati saralashining navbatdagi bosqich oʻyinlari boʻlib oʻtdi.
Oʻz maydonida Ruminiya terma jamoasini qabul qilgan Vinchenso Montella boshqaruvidagi Turkiya terma jamoasi oʻyinda 1:0 hisobida gʻalaba qozondi. Hal qiluvchi golni “Brayton“ himoyachisi Ferdi Kadiogʻli kiritdi.
Bratislava shahrida boʻlib oʻtgan gollarga boy oʻyinda esa mezbon Sloveniya terma jamoasi Kosovoga 3:4 hisobida magʻlub boʻldi. Gollarga gʻoliblardan Fisnik Asllani, Veldin Xodja, Florent Musliya va Kreshnik Hajrizi mualliflik qildi. Sloveniyaning javob gollari esa Martin Valjent, Lukas Haraslin va David Streles hisobiga yozildi.
Oʻz maydonida Irlandiya termasi bilan durang oʻynagan Chexiya terma jamoasi penaltilar seriyasida raqibini 4:3 hisobida magʻlub etgan holda navbatdagi bosqichga yoʻl oldi. Oʻyinda kiritilgan gollarga mezbonlardan Patrik Shik va Ladislav Kreychi mualliflik qildi. Mehmonlarning javob gollari esa Troy Parrott va avtogol sifatida Matey Kovar hisobiga yozildi.
Uels terma jamoasi oʻz maydonida Bosniya bilan 1:1 hisobida durang oʻynagan edi. Ammo futbol lotereyasida omad Bosniya termasiga kulib boqdi. Oʻyinda kiritilgan gollar mezbonlardan Daniyel Jeyms, mehmonlardan esa Edin Jeko hisobiga yozildi.
Ukraina terma jamoasi qurʼa natijasiga koʻra Shvetsiyaga qarshi oʻyinning mezboni edi. Ammo hozirda mamlakat tinch emasligi sababli uchrashuv Ispaniyada boʻlib oʻtdi. Bahsda Shvetsiya terma jamoasi 3:1 hisobida gʻalaba qozondi. Gʻoliblarning barcha gollariga Viktor Gyokeresh mualliflik qildi. Ukrainaning yagona javob goli esa Matviy Ponomarenko hisobiga yozildi.
Kopengagen shahrida oʻtgan Daniya va Shimoliy Makedoniya oʻyinida mezbonlar 4:0 hisobida gʻalaba qozondi. Gollarga Gustav Isaksen (2 ta), Kristian Nyorgor va Mikkel Damsgor mualliflik qildi.
Soʻnggi ikki Jahon chempionatida qatnasholmagan Italiya terma jamoasi bu galgi mundial yoʻllanmasini ham saralashning asosiy bosqichida qoʻlga kirita olmadi. Saralashdagi dastlabki oʻyinda esa italiyaliklar Shimoliy Irlandiya terma jamoasini 2:0 hisobida magʻlubiyatga uchratdi. Gollarga Sandro Tonali va Moize Kin mualliflik qildi.
Soʻnggi oʻyinda esa Polsha terma jamoasi oʻz maydonida Albaniyani magʻlub etdi. Gollarga gʻoliblardan Pyotr Zelinski va Robert Levandovski mualliflik qildi. Albaniyaning javob goli esa Arber Xoja hisobiga yozildi.
Maʼlumot uchun, endilikda saralashning soʻnggi bosqichida quyidagi bahslar boʻlib oʻtadi:
- Bosniya — Italiya
- Chexiya — Daniya
- Kosovo — Turkiya
- Shvetsiya — Polsha
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring