Istiqloldan Istiqbolga: Turkiya Asri

23:34 29 Oktyabr 2023 Dunyo
458 0

Xalqimiz 100-yil oldin xuddi bugungi sanada, ajdodlarimiz 900-yil mobaynida yashab kelgan Onadoʻli zaminida bizni tamomila yoʻq qilmoqchi boʻlganlarga qarshi Chanoqqalʼa yoki Al-Qutda boʻlgani kabi, uzoq davom etgan jangdan soʻng qayta kuch toʻpladi va milliy ozodlik kurashida gʻalabaga erishdi. Mustaqillik ruhi bilan barpo etilgan Onadoʻlidagi uchinchi buyuk davlat sanalmish Turkiya Respublikasi juda koʻp qiyinchilik va kurashni koʻrgan, istiqlol urushida zafarga yetgan birlik va hamjihatlik mahsuli hisoblanadi.

Turkiya Respublikasi eʼlon qilinishi bilan taʼlimdan iqtisodiyotga qadar keng qamrovli tiklanish davri boshlandi. Mamlakatni dunyoga tanitgan koʻplab muvaffaqiyatlar poydevori shu davrda qoʻyildi.

Qishloq xoʻjaligi, sanoat, taʼlim, sogʻliqni saqlash, transport, demokratik huquq va erkinlik kabi xalq turmush darajasini koʻtaradigan koʻplab sohalar Turk millati va davlati tom maʼnoda oyoqqa turishi uchun safarbar qilindi.

Xalqimiz birin-ketin koʻp qiyinchiliklarni, ulkan toʻsiqlarni yengib oʻtib, Respublika 100-yillik yubileyiga faxr bilan olib keldi. Ayniqsa, oxirgi 20 yilda istiqlol va istiqbol mujdasiga ega millatimiz toʻkkan ter, qilgan saʼy-harakat, namoyish etgan fidoyilikni munosib taqdirlash uchun Prezident Rejep Tayyip Erdogʻan tomonidan ilgari surilgan yangi gʻoyalar bilan birga yangi asrga qadam tashlandi.

Mamlakatimizni maqsadiga, millatimizni orzusiga yetkazish, shu bilan birga buyuk va kuchli Turkiyani barpo etish maqsadida barcha sohalarda son-sanoqsiz inqilobiy ishlar bajarildi, xizmat, sarmoya joriy etildi.

Avvalo milliy iroda mustahkamlanib, demokratiya chuqur ildiz otdi. Aziz xalqimiz jonajon yurtimizda osoyishta yashashini taʼminlash orqali bugun tinch-bahuzur yurish, ertangi kunga umid bilan qarash qaror topdi.

Qolaversa, mamlakat boʻylab infratuzilmaga yoʻnaltirilgan investitsiya hisobidan ishlab chiqarish va aholi bandligini taʼminlashda erishilgan yutuqlar natijasida iqtisodiyot yuksalib, mamlakat va aholi boyishi taʼminlandi. Ishlab chiqarishni kengaytirish orqali sanoatdan tortib qishloq xoʻjaligigacha boʻlgan barcha sohalarda ish bilan taʼminlash osonlashtirildi. “Insonni yashatgin-ki, davlat yashasin” tushunchasi asosida ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash kuchaytirilib, barcha muhtoj fuqarolar qamrab olindi. Boshqa tomondan, Prezidentlik boshqaruvi tizimini joriy etish orqali davlat mexanizmida ikki asrlik izlanishga javob beradigan ulkan islohot amalga oshirildi. Ilgʻor va tashabbuskor xavfsizlik siyosati, tashqi siyosatga faol va insonparvar yondashuv tufayli davlatimiz qudrati, bayrogʻimiz shon-shuhrati, xalqimiz obroʻ-eʼtibori oshirildi.

Sogʻliqni saqlashdan taʼlimgacha, texnologiyadan mudofaa sanoatigacha, tashqi siyosatdan madaniyat va sanʼatgacha koʻplab sohalardagi muvaffaqiyatni tezlashtirgan ayni tashabbuslar osonlik bilan amalga oshgani yoʻq, albatta.

Global boshqaruv va iqtisodiy tizimni tubdan larzaga keltirgan epidemiya va urushlar davom etar ekan, biz mavjud infratuzilmaga asoslangan holda mamlakatimizni katta yutuqqa tayyorlash uchun qattiq kurashdik.

Chegaralarimizga hujum qilib, turk millati hayoti va mulki xavfsizligiga chang solayotgan koʻplab tahdidlarga qarshi turdik. Global inqirozdan tashqari, mamlakatimiz duch kelgan ikki xil standart va embargoni imkoniyatga aylantirdik, har sohada kuchimizga kuch qoʻshdik. Bu toʻsiqlarning barini yengib oʻtib, birin-ketin demokratiya va taraqqiyot inqilobini amalga oshirdik.

Shubhasiz, Respublikamizning birinchi asrida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etib, ikkinchi asrga tayyorgarlikni yakunlaydigan bu yutuqlar mevasi taʼlim, sogʻliqni saqlash, xavfsizlik, adolat, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi, sport singari turli sohalar rivojida aks eta boshladi. Oʻsib, rivojlanib, kuchayib, boyib borayotgan Turkiya va xalqimiz ertangi kunga umid bilan qaraydigan, xorijda esa ergashadigan emas, ergashiladigan davlat nomini qozondi.

Dunyo tarixiy oʻzgarishlarni boshdan kechirayotgan, yangi va hayotiy muammolarga duch kelayotgan bir sharoitda biz uchun bu qutlugʻ sana nafaqat davlatimiz ikkinchi asrining boshlanishini bildiruvchi taqvim koʻrsatkichi, balki juda katta mazmun oʻzgarishi ham.

Ayni tushunchalar bilan Respublikamizni siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va diplomatik sohalarda butun millatimiz orzu qilgan darajaga olib chiqadigan olgʻa qadam “Turkiya Asri” deb nomlandi. Bu odim – mamlakatimiz va sivilizatsiyaning barcha yutuqlariga tayangan holda yangi avlodlarga qoldiradigan eng katta merosimizdir.

“Turkiya Asri” dasturi asosida millatimiz bilan birga Respublikaning 100-yilligiga katta umid, yanada ulugʻ maqsadlar bilan kirib boryapmiz. Bu yoʻlda, eng avvalo, yurtimiz erishayotgan yutuqlarni fidoyilik va qatʼiylik bilan himoya qilamiz. Mamlakatimizning global miqyosda oʻz soʻzini aytish va qaror qabul qilish irodasini mustahkamlaymiz.

Biz siyosiy va iqtisodiy qudratimizni oshirib, dunyoning eng baland iqtisodiy choʻqqisiga chiqishda davom etamiz. Vatanimizning har bir qarichida tinchlikni mustahkamlaymiz va taraqqiyot irodasini yuksakka olib chiqamiz. Har bir vatandoshimiz loyiq boʻlgan huquq, erkinlik va farovonlikning kelajakdagi xavfsizligini taʼminlaymiz. “Turkiya Asri”da Respublikamizning ikkinchi asrini “shunchaki yashash” emas, “taraqqiy etish” davriga aylantirish niyatidamiz. Ana shu shijoat bilan Prezidentimiz Rejep Tayyip Erdogʻan boshchiligida bundan keyin ham “Turkiya Asri” idealidan kelib chiqqan holda, mamlakatimizni barcha sohalarda yuqori darajaga olib chiqish, ajdodlarimizdan bizga omonat shu aziz Vatanni abadiy yashnatish yoʻlidagi faoliyatimizdan hech qachon toʻxtamaymiz.

Turkiyaning birinchi asrini bor mashaqqati, yutugʻi bilan ortda qoldirar ekanmiz, shu zamin Vatan boʻlishi uchun jonini fido qilgan shahidlarimiz va gʻoziylarimizni esga olamiz. Milliy ozodlik kurashida afsonaviy mardlik koʻrsatib, qayta tugʻilishimizga sabab boʻlgan insonlarni hurmatlaymiz.

Biz erkin nafas olayotgan shu Vatanni bizga tuhfa etgan barcha qahramonlarimizni ehtirom, minnatdorlik va shukronalik bilan yod etamiz.

Butun millatimizga Respublika bayrami muborak boʻlsin!
Faxrettin Altun,
Turkiya Prezidenti huzuridagi
Kommunikatsiya boshqarmasi boshligʻi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер