Isteʼmolchilar endi gazni ham tarozida tortib oladi
Suyultirilgan gaz toʻldirilgan ballonni qabul qilayotgan har qanday kishining xayoliga: “U rostdan ham toʻldirilganmikan? Kam emasmikan?” degan fikr keladi. Andijonliklar uchun endi bunday xavotirga hojat yoʻq.
Boisi, suyultirilgan gazni yetkazib berish uchun moʻljallangan mavjud 67 ta avtotransport vositalari nazorat tarozilari bilan toʻliq taʼminlandi. Bunday uskuna viloyatdagi mavjud 4 ta gaz toʻldirish shoxobchalariga ham oʻrnatilgan boʻlib, endilikda har bir chilangar, qolaversa, isteʼmolchining oʻzi ballonni tarozida tortib koʻrishi va qancha miqdorda gaz qabul qilib olayotganini kuzatishi mumkin.
- Avvallari gaz balonimizni koʻtarganimizda baʼzan yengilga oʻxshab tuyular edi,-deydiShahrixon tumanidagi “Andijonlik” MFYda istiqomat qiluvchi Xolmoʻmin Olimov.-Tabiiyki, toʻlagan pulimizga yarash gaz quymabdi, degan xayolga borardik. Bundan buyon tarozida tortib olish orqali shubha qilishimizga hojat qolmaydi.
Bugungi kunda viloyat boʻyicha 367 mingga yaqin isteʼmolchilarga 575 ming donadan ziyod maishiy gaz ballonlari orqali suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Isteʼmolchilarning gaz ballonlari bilan taʼminlanganlik darajasi 157% ga yetkazilgan. 4 ta gaz toʻldirish stansiyasi va shoxobchalari orqali suyultirilgan gaz yetkazib berish yoʻlga qoʻyilgan. Ularda oylik gaz toʻldirish quvvati 4860 tonna va gaz saqlash quvvati 457 tonnani tashkil etadi. Bir vaqtning oʻzida 28 ta maxsus gaz tashish avtotransportlariga xizmat qilish imkoniyatiga ega.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring