Isteʼmolchi huquqlari har doim eʼtiborda 

11:13 26 Avgust 2020 Jamiyat
1459 0

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish va uni amaliyotda qoʻllash maqsadida, xorijiy turdosh tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik memorandumlari imzolanib, ushbu memorandumlar doirasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Federatsiya bilan Koreya isteʼmolchilar agentligi oʻrtasida 2018-yilda memorandum imzolangan boʻlib, ushbu memorandumga koʻra Koreya Respublikasi fuqarolarining Oʻzbekistondagi, mamlakatimiz fuqarolarining esa Koreya Respublikasidagi isteʼmolchilik huquq va manfaatlarini himoya qilinishida oʻzaro hamkorlik olib borilishi koʻzda tutilgandi. Isteʼmolchining poymol boʻlgan huquqi tiklab berilishi masalasidagi quyida keltiriladigan misol ana shu hamkorlik doirasida olib borilayotgan ishlardan biri deyish mumkin.

Fargʻona shahar jamiyati tomonidan isteʼmolchi, Koreya Respublikasi fuqarosi janob Choy Kil Xoning manfaatlarini koʻzlab, unga Fargʻona shahrida “EVRO DIAMOND” savdo belgisi ostida faoliyat koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor R.Seyfullayev tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar natijasida yetkazilgan moddiy zararni undirish haqidagi Fuqarolik ishlari boʻyicha Fargʻona tumanlararo sudiga kiritilgan daʼvo arizasi koʻrib chiqildi.

Fuqaroning murojaatini Fargʻona shahar jamiyati tomonidan oʻrganib chiqilishi natijalari va sud materiallaridan maʼlum boʻlishicha, isteʼmolchi oʻz vakili (haydovchisi) orqali 2019-yilning iyun oyida yuqoridagi tadbirkorga qarashli boʻlgan kimyoviy tozalash korxonasiga 10 (oʻn) turdagi kiyimlarini tozalatish uchun bergan. Kiyimlar kuzgi-qishki mavsumga moʻljallanganligi sababli kimyoviy tozalashdan oʻtkazilib, xonadonga keltirilgach ulardan maʼlum vaqt foydalanilmagan. Keyinchalik esa ular koʻzdan kechirilganda kiyimlarga jiddiy ziyon yetkazilganligi, ular asl holiga nisbatan rangi va yorqinligini yoʻqotganligi, hajmlari kichrayganligi, foydalanib boʻlmaydigan holatga kelganligi kuzatilgan. Isteʼmolchining xizmat koʻrsatuvchi korxona bilan yuzaga kelgan masalani hal qilish borasidagi harakatlari ijobiy natija bermagach, u Federatsiyaning Fargʻona shahar jamiyatiga murojaat qilgan.

Sud ishining koʻrib chiqilishi natijalariga koʻra, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Fargʻona shahar jamiyatining Koreya Respublikasi fuqarosi Choy Kil Xoning manfaatlarini koʻzlab, yakka tartibdagi tadbirkor R.Seyfullayevga nisbatan yetkazilgan moddiy zararni undirish haqidagi talabi qanoatlantirilib, javobgardan manfaatdor shaxs foydasiga 12 000 000 (oʻn ikki million) soʻm undirilishi boʻyicha qaror chiqardi.

Hozirgacha boʻlgan davrda federatsiyaga kelib tushgan murojaatlardan eng koʻpi savdo sohasiga tegishli boʻlib, joriy yilning 6 oyi davomida ularning ulushi 46,1 foizni tashkil etmoqda. Ana shunday murojaatdan biri, Surxondaryo viloyati Angortumani, “Dehqonbirlashuv mahallasida" mahallasida yashovchi fuqaro N. Allanazarov tomonidan kelib tushdi. Fuqaro, mashina olish maqsadida «Termiz Lada» MCHJiga jami 54 million 905 ming soʻmlik toʻlovni oldindan toʻlaydi ammo, shartnoma boʻyicha mashina oʻz vaqtida yetkazib berilmaydi. Yana bir ana shunday holat Surxondaryo viloyati Sherobod tumani, “Oqtepa” mahallasida yashovchi fuqaro O. Shotoʻrayev bilan sodir boʻldi. Mazmuni jihatdan yuqoridagi holat bilan deyarli bir xil. O. Shotoʻrayev ham «Termiz Lada» MCHJiga jami 37 million soʻmni oldindan toʻlaydi. Ammo, mashina oʻz vaqtida egasiga yetkazib berilmay, shartnoma shartlari buziladi. Har ikki holatda ham isteʼmolchilar murojaati ijobiy hal etildi.

Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Hilol MFY, Oʻrikzor koʻchasida yashovchi fuqaro Sulton Avliyoqulovning murojaati Qarshi shahar ijro etuvchi apparati tomonidan oʻrganildi. Uning farzandi Ogʻabek Sultonov 2018-yildan buyon oplastik anemiya xastaligining eng ogʻir shakli bilan ogʻriydi va davolanishi uchun Shveysariya davlatida ishlab chiqariladigan «Neoral» dori vositasi juda muhim. Shu sababli S.Avliyoqulov joriy yilning may-iyun oylarida ushbu preparatni sotib olish uchun Qarshi shahrida joylashgan “Mubina Pharm” kompaniyasiga 5 million 200 ming soʻm mablagʻni oldindan toʻlagan. Biroq oradan bir oydan ortiq vaqt oʻtishiga qaramasdan kompaniya dori vositasi isteʼmolchiga yetkazib bermagan.Federatsiyasining aralashuvi bilan isteʼmolchining puli undirib berildi.

Yana bir yechimi ijobiy hal etilgani murojaat Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanida yashovchi fuqaro Murodov Samadga tegishli. Unga koʻra fuqaro Namangan shahrida faoliyat yurituvchi qurilish firmasi bilan Namangan shahridagi koʻp qavatli uylardan birini qurib bitkazib berish toʻgʻrisida shartnoma tuzadi. Unda xonadon 2020-yil yanvar oyida qurilish ishlarini yakunlanib, foydalanishga topshirilishi belgilangan.

Murodov Samad tijorat banki orqali 101 530 000 (Bir yuz bir million besh yuz oʻttiz ming) soʻm miqdoridagi pulni kreditga olib, tuzilgan shartnoma uchun oldindan 100 foiz toʻlab bergan. Biroq, ijrochi boʻlmish qurilish firmasi tomonidan shartnoma shartlarini belgilangan muddatda bajarilmagan. Oʻzbekiston Respublikasining «Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi" Qonuniga asosan belgilangan tartibda mutaxassislar tomonidan tezkorlik bilan oʻrganib chiqildi. Natijada fuqaroning xonadoni qurilish firmasi tomonidan toʻliq taʼmirlanib, yashash uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.

Maʼlumki karantin eʼlon qilinganidan soʻng, fuqarolarning xorij mamlakatlariga qatnashi toʻxtatildi va bu holat oldindan chipta sotib olganlarga baʼzi noqulayliklarni yuzaga keltirdi. Federatsiyamizga avia va temiryoʻl chiptalarini oldindan xarid qilib, pul mablagʻini qaytarib ololmagan fuqarolardan koʻplab murojaat kelib tushdi.

Joriy yilning 27-fevral kuni sanasida Navoiy shahrida joylashgan aviakassadan Samarqand — Moskva(Domodedova) yoʻnalishi boʻyicha 17-mart kuni uchish uchun turmush oʻrtogʻi va farzandlariga jami 5 mln. soʻmga aviachipta sotib olgan fuqaro M.Ahmedova karantin bilan bogʻliq muammolar sabab aviachiptadan foydalanmay qolgan va chiptani qaytarishga majbur boʻlgan. Lekin pul mablagʻini qaytarib olishda turli toʻsiq va muammolarga duch kelganligi bois Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Novoiy viloyat birlashmasiga murojaat yoʻllagan.

Vaziyat mutaxassislar tomonidan oʻrganib chiqildi va ijobiy hal etildi. Fuqaroga aviachipta uchun toʻlagan 5 000 000 soʻm pul mablagʻi qaytarilishida amaliy yordam koʻrsatildi.

Yana bir ana shunday holat Navoiy shahrida yashovchi fuqaro M. Tosheva bilan sodir boʻldi. 2020-yil 12-mart kuni ishlash maqsadida Rossiyaning Moskva shahriga borish uchun 1 574 000 soʻmga aviachipta sotib olgan M.Tosheva jamiyatga murojaat qilib, karantin sababli bekor qilingan reys uchun toʻlagan mablagʻini ololmay ovora boʻlib yurganidan noroziligini bildirdi.

Joriy yilning 9-iyun kuni ushbu murojaat jamiyat mutaxassislari tomonidan ijobiy hal etildi va fuqaroga aviachipta uchun toʻlagan 1 million 574 ming soʻm pul mablagʻi qaytarilishida amaliy yordam koʻrsatildi.

Fargʻona viloyatida ham aviachipta bilan bogʻliq muammoli vaziyat yuzaga keldi. Bagʻdod tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga Choʻrindi qishlogʻida yashovchi Mahkamovlar oilasidan murojaat kelib tushdi. Unda oilaning 4 nafar vakili joriy yil mart oyida Rossiya Federatsiyasi Moskva shahriga olingan aviachiptadan fors-major holat yuzaga kelib foydalana olmaganliklari sababli pulini qaytarib ololmayotganliklari bayon etilgan.

Masalani Bagʻdod tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan oʻrganib chiqilishi jarayonida, isteʼmolchilarning aviachipta uchun toʻlangan umumiy summasi 6 280 000 (olti million ikki yuz sakson ming) soʻm pullarini qaytarishga erishildi. Bir necha kunlar davomida yechimi noaniq boʻlib kelgan muammoni bartaraf etib berilganligi uchun fuqarolar yozma ravishda oʻz minnatdorchiliklarini izhor qildilar.

Mazkur, natijasi ijobiy hal qilingan murojaatlar joriy yilning birinchi choragida federatsiyamizning 1091 ishonch raqami va hududiy birlashmalariga yoʻllangan boʻlib, ulardan ayrimlarini eʼtiboringizga havola etdik. Maʼlumot oʻrnida aytadigan boʻlsak, olti oy davomida salkam 5 milliard soʻm isteʼmolchilar foydasiga hisob-kitob qilindi.

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi fuqarolarning isteʼmolchi sifatida buzilgan huquqlarini himoya qilish va ularga koʻmak berish boʻyicha samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

Inomjon Togʻayev,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini 
himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 
rais oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер