Issiqlik taʼminotida Alabuga tajribasi qanday?
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Sherzod Hidoyatovning Tatariston poytaxti Qozonga qilgan tashrifining navbatdagi manzili Alabugadagi “KER” Xolding boʻldi. Delegatsiya aʼzolari AJ faoliyati bilan yaqindan tanishib, ularning ilgʻor tajribasini oʻrganishdi.
Mazkur korxona tomonidan issiqlik taʼminoti yoʻnalishida 2018-yilda markaziy qozonxonadagi 2 ta KVGM-30-150 va KVGM-10-150 markadagi qozonlarning montaj ishlari amalga oshirilgan boʻlib, bundan tashqari mazkur loyiha doirasida jami 48 km penopoliuretandan tayyorlangan polimer izolyatsiyali va himoya qobigʻiga oʻralgan, kanalsiz yotqizish imkonini beruvchi quvurlar yotqizilgan hamda 115 ta individual issiqlik punktlarini oʻrnatilgan. Bundan tashqari tarmoq nasoslarini almashtirish, qozonxona ehtiyoji uchun alohida quduq qazish ishlari amalga oshirilgan. Natijada issiqlik taʼminoti korxonasining yillik issiqlik energiyasini ishlab chiqarish quvvati 20 foizga, issiqlik tarmoqlaridagi yoʻqotishlari 2 barobarga va suv sarfi 6,5 barobarga kamayishiga erishilgan. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 318,9 mln rubl mablagʻ sarflangan.
Delegatsiya aʼzolari eʼtiborini tortgan yana bir muhim jihat bu, mazkur korxonaning kogeneratsion gaz turbinasi texnologiyasini oʻrnatish loyihalarini ham amalga oshirish orqali ijobiy koʻrsatkichlarga erishgani boʻldi. Xususan, korxonaning soʻngi loyihalaridan biri bu loyiha quvvati 20 MVt elektr-energiyasi va 28 Gkal/soat issiqlik energiyasini boʻlgan kogeneratsion gaz turbinasi texnologiyasini joriy qilish boʻlgan.
Shu oʻrinda qayd etish lozim, mazkur yoʻnalishda yurtimizda ham bir qancha yirik loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Xususan, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan birgalikda issiqlik manbalarining isitish uskunalarini kogeneratsion gaz turbinasi texnologiyasini joriy etgan holda rekonstruksiya qilishni, shuningdek, magistral va taqsimlovchi issiqlik tarmoqlarini almashtirishni nazarda tutuvchi hisob-kitob qiymati 780,4 mln AQSH dollari boʻlgan “Buxoro, Fargʻona, Quvasoy, Nukus va Urganch shaharlarida markaziy qozonxonalarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Amaliy muloqot soʻngida Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri “KER” Xolding ekspertlarini Oʻzbekistonga taklif qildi. Shu tariqa mazkur yoʻnalishdagi ikki tomonlama samarali hamkorlik ishlarini yangi bosqichda davom ettirishga kelishib olindi.
Dilshod Ulugʻmurodov,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring