Islohotlar samaradorligini ta’minlash ikkinchi sektorining doimiy nazoratida
Hasan Paydoyev - "Xalq so‘zi"
Marjona Taylonova Toyloq tumanining ikkinchi sektor hududiga qarashli “Qo‘rg‘oncha” mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydi.U “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda bo‘lgan. Bitta tikuv mashinasi olish uchun murojaat qilib kelgan M.Taylonovaga sektor rahbari va shtab a’zolari tomonidan tijorat banklarning imtiyozli kreditlari haqida tushunchalar berilishi natijasida u bankdan 30 million so‘m imtiyozli kredit olib, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga bel bog‘ladi.

- Ikkinchi sektor rahbarining yordami bilan menga imtiyozli kredit asosida bitta emas, bir yo‘la 7 ta tikuv mashinasi olib berildi, - deydi yosh tadbirkor M.Taylonova. - Natijada “Janona Asilzoda tikuv sexi” MCHJ ga asos soldim. Shu orqali yana qo‘shimcha 7 nafar ishsiz yurgan xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga ham erishdim. Menga shunday sharoitlarni yaratib bergan Prezidentimiz va sektor rahbarlaridan mamnunman.
Bundan tashqari, tuman ikkinchi sektori rahbarining amaliy yordam bilan tashabbuskor Rayxona Ahrorovaga “O‘zbekiston Pochtasi” aksiyadorlik jamiyati Samarqand filialining Toyloq pochta aloqa bog‘lanmasi balansida bo‘lgan 4 ta xonadan iborat bino ijara shartnomasi orqali olib berildi. Natijada R.Ahrorova tumanda “Toyloq raqamli texnologiyalar markazi” MCHJ ni tashkil qildi.
- Markazda, axborot texnologiyalari bilan bog‘liq o‘quv kurslari tashkil etilib, har kuni 3 ta guruhda yoshlar “Kompyuter savodxonligi”, “Web dasturlash”, “PYTHON”, “Photoshop” va “Robototexnika” yo‘nalishlarida tahsil olishmoqda, -deydi R.Ahrorova. - Yo‘nalishiga qarab yoshlar ikki-oydan, to‘qqiz oyga qadar o‘qitiladi. O‘quv kurslari yakunida bitiruvchilarga markazning maxsus sertifikatlari beriladi.
Bundan tashqari, markazda ingliz tili kurslari ham tashkil etilib, yoshlarga ingliz tili chuqurlashtirilgan holda o‘rgatilmoqda.

Shu o‘rinda aytish kerakki, Toyloq tumanidagi ikkinchi sektor hududiga 12 ta mahalla kiritilgan bo‘lib, mazkur mahallalardagi 9020 ta xonadonlarda jami 50123 nafar aholi istiqomad qiladi.
- Sektor tomonidan o‘tkazilgan hatlovlar natijasida “Temir daftar”ga jami 477 ta oila kiritilgan. Ehtiyojmand oilalarga ko‘rsatilgan muntazam yordamlar va mehnatga layoqatli ishsizlarini ish bilan ta’minlash natijasida shu kunga qadar jami 400 ta oila ehtiyojmandlar ro‘yxatidan chiqarildi, - deydi Toyloq tuman prokurori, ikkinchi sektor rahbari Asomiddin Saypiddinov. - “Ayollar daftari”ga jami 484 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar kiritilgan. Shundan 284 nafari ishsiz, 53 nafari boquvchisini yoqotgan, 78 nafar nogironligi bo‘lgan ayollar, 3 nafar qaromog‘ida nogiron bolalari bo‘lgan ayollar, 14 ta uy-joyi ta’mirlashga muhtoj bo‘lgan birinchi guruh nogironlari, 13 nafar huquqiy yordamga muhtoj bo‘lgan ayollar, yana 3 nafar psixologik yordamga muhtoj bo‘lgan ayollar mavjud. Ushbu toifadagi ayollarga ko‘rsatilgan muntazam yordamlar natijasida ularning 478 nafarini “Ayollar daftari”dan chiqarishga erishildi. Bundan tashqari, ikkinchi sektorning “Yoshlar daftari”ga jami 529 nafar yoshlar kiritilgan bo‘lib, ularning bandligini ta’minlash va muntazam ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash natijamida yoshlarning 522 nafarini “Yoshlar daftari”dan chiqarilishiga erishildi.

Tuman prokurori tomonidan aholi muammolarni joyida bartaraf qilish maqsadida sektor hududida reja tuzilgan. Ushbu reja asosida sayyor qabullar va yoshlar bilan uchrashuvlar tashkillashtirilib kelinmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mahalla fuqarolar yig‘inlarida jami 51 marotaba yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularda yoshlardan 227 ta murojaatlar kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 172 tasini ijobiy hal etishga erishilgan.
Xususan, “Muborak” mahallasida o‘tkazilgan sayyor qabulda ushbu mahallada yashovchi Barot Xalilov ko‘z kasaligiga chalinganligini, ko‘zlarini jarrohlik yo‘li bilan davolash zarurligini bildirgan. Sektor rahbarining tashabbusi bilan B.Xalilovning ko‘zlari viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonasida bepul operatsiya qilindi.
Joriy yilda tumaning Birlik MFY aholisi uchun davlat xususiy sherikchilik asosida 100 o‘rinlik “Vazirabonu” maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etildi.

- Maktabgacha ta’lim tashkilotimiz uchun ikkinchi sektor rahbarining amaliy yordam bilan 200 metr masofadan tabiiy gaz tarmog‘i tortib kelindi, - deydi muassasa rahbari Vazira Pardayeva. - Shuningdek, sektorning yordami bilan 1 milliard so‘m miqdorida 1 foizlik imtiyozli kredit olib berildi. Buning natijasida maktabgacha ta’lim tashkilotimizda “Temir daftarda” bo‘lgan 1 nafar, “Ayollar daftari”ga kiritliganlardan 3 nafar va “Yoshlar daftari”ga kiritilganlardan 2 nafarining doimiy bandligi ta’minlandi.
Hozirgi kunda maktabgacha ta’lim tashkilotida mahallaning 50 nafar bolalari tarbiyalanmoqda. Bu yerda ular uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
Sektorning “Vorsin” mahallasi hududidagi tashladiq holda bo‘lgan eski maktabning binosi rekonstruksiya qilinib, hunarmandlar markaziga aylantirildi. Mazkur markazda hozirgi kunda 3 ta yo‘nalishda, ya’ni tikuvchilik, to‘quvchilik va kashtachilik yo‘nalishlarida 12 nafar xotin-qizlar ishlab kelmoqda. Ushbu xotin-qizlarning 3 nafari “Ayollar daftari”da turgan ishsiz ayollar, ularga subsidiya asosida tikuv mashinalari olib berilib, mazkur hunarmandlar markaziga jalb qilingan.

- Men “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turardim, - deydi Mohira Rustamova. - Sektor tomonidan menga subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berildi va mazkur hunarmandlar markaziga ishga joylashtirib qo‘ydi. Hozirda shu yerda ish o‘rganib, tikuvchilik qilyapman. Buyurtma asosida bitta kuylakni kamida 60 ming so‘mdan tikamiz. Bir kunda ishga qarab 2 yoki 3 ta kuylak tikishim mumkin. Daromad ham shunga yarasha. Ro‘zg‘orimga yordamim tegayotganidan xursandman.
Bundan tashqari, mazkur markazdagi ayollarga tikish-bichish sirlarini o‘rgantish uchun biriktirilgan ustoz G.Aslamovaga shogirdlariga kasb-hunar o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish maqsadida 4 ta tikuv mashinasi bepul olib berilgan.
Tuman prokurori tomonidan aholi muammolarini bartaraf qilishda vaqt va mablag‘ talab qiladigan murojaatlar sektorning choraklik “yo‘l xarita”lariga kiritilib, hal etilib kelinmoqda.
Abdulaziz Yo‘ldoshev,
Hasan Paydoyev
(Xalq so‘zi)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring