“Ishonch telefoni”ga ishonsa boʻladimi?

17:34 18 Iyun 2019 Jamiyat
1935 0

“Ishonch telefoni” fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim vositadir. Shu bois bugungi kunda koʻplab tashkilot va idoralarda mazkur tizim yoʻlga qoʻyilgani mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlashda qoʻl kelmoqda.

Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi va tuman inspeksiyalari “Ishonch telefoni”ga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 262 ta murojaat kelib tushgan. Tahlillarga koʻra, 115 ta murojaat nazorat kassa mashinasi chekini bermaslik, 33 tasi savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarida toʻlov terminallari ishlamayotganligi yoki shu bilan bogʻliq muammolar, 8 tasi tegishli hujjatsiz mahsulotlar sotish, xizmatlar koʻrsatish va 106 tasi boshqa qonun buzilish holatlari bilan bogʻliq masalalarga daxldor.

Misol uchun, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi “Ishonch telefoni”ga kelib tushgan murojaatda Shayxontohur tumani, Sheroziy koʻchasida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasida xarid cheki berilmagani bayon qilingan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbiri davomida oshxona kassiri mijozga 18 ming soʻmga xarid cheki bermaganligi hamda kunlik savdodan tushgan 8 million 750,5 ming soʻm naqd pulni nazorat-kassa mashinasi xotirasiga kiritmagani aniqlandi.

Nazorat tadbirida korxona rahbarlari bilan profilaktik suhbat oʻtkazilib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-fevraldagi “Pul muomalasini yanada takomillashtirish va bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda soliqqa oid qonunchilik talablari tushuntirildi.

Eslatib oʻtamiz, agarda qonuniy huquq va manfaatlaringiz buzilsa, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining 71-244-54-86 raqamli “Ishonch telefoni”ga qoʻngʻiroq qiling. Zero, sizning har bir murojaatingiz alohida eʼtiborga olinib, koʻrib chiqiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер