Ishbilarmonlik uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi

11:08 26 Avgust 2021 Iqtisodiyot
1073 0

Tadbirkorlik bugun mamlakat iqtisodiyotining “drayveri”ga aylanib bormoqda. Bu jarayonda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, erkin va samarali faoliyat yuritishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Keyingi yillarda mamlakatda barcha sohalar qatori, tadbirkor va ishbilarmonlarni oʻylantirib kelayotgan muammolar yechimiga katta eʼtibor qaratildi. Prezidentimizning ilk marotaba kengaytirilgan shaklda tadbirkorlar bilan olti soatdan ortiq vaqt mobaynida ochiq muloqot oʻtkazishi, ishbilarmonlar bilan dildan muloqot qilishi minglab tadbirkorlarni toʻlqinlantirib yubordi.

Shu oʻrinda muloqotni tashkil etish toʻgʻrisida qisqacha toʻxtaladigan boʻlsak, koʻcha-kuyda bu uchrashuv zarurmidi, degan gap-soʻzlar ham quloqqa chalindi. Biz bir narsani toʻgʻri anglashimiz kerak, agar Oʻzbekistonni rivojlangan davlatlar qatorida koʻrishni, iqtisodiyotimiz mustahkam boʻlishini va yalpi ichki mahsulot hajmining yildan yilga barqaror oʻsib borishini istasak, albatta tadbirkorlarga keng yoʻl ochib berishimiz zarur.

Boz ustiga yalpi ichki mahsulot hajmida ishlab chiqarish va xizmatlarning ulushi salmoqli oʻrinni olishi lozim. Shu bois, tadbirkorlar sonini koʻpaytirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, tadbirkorlar faoliyatiga davlat aralashuvini keskin qisqartirib borish lozim, deb hisoblayman.

Bugungi kunda mamlakatimizda 1,5 million tadbirkor faoliyat yuritayotgani, ularda 5 million nafarga yaqin vatandoshlarimiz ish bilan taʼminlangani Prezidentimiz tomonidan bejizga qayd qilinmadi. Haqiqatdan ham ushbu raqamlar 2 barobar oshirilganda aholimizning aksariyat qismi ish bilan taʼminib, roʻzgʻoriga baraka kirishi aniq.

Eʼtiborlisi shundaki, uchrashuvda asosiy urgʻu bajarilgan ishlarga emas, balki kichik biznes va xususiy tadbirkorlarning bugungi kunda oldida turgan muammolarini hal etishga qaratildi. Bu boshqa uchrashuvlardan ajralib turadigan jihat.

Yana bir muhim jihati shundaki, tadbirkorlarga eʼtiborning namunasi sifatida Prezidentimiz 20-avgustni mamlakatimizda “Tadbirkorlar kuni” deb eʼlon qilish taklifini bildirdi va bu tadbir ishtirokchilari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Davlatimiz rahbarining sohadagi turli masalalarni qarorlar emas balki, qonun bilan hal etish lozimligi toʻgʻrisidagi taʼkidi biz deputatlarning ham masʼuliyatini bir necha karraga oshiradi. Shu nuqtayi nazardan, qonun ijodkorligi jarayonida koʻtarilgan masalalarga jiddiy yondashib ularning yechimini qonunlarda aks ettirish, shu yoʻl bilan tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishimiz zarur.

Maqsud QURBONBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер