Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti elektron nashri IHTning Toshkent sammiti haqida yozdi

14:01 08 Noyabr 2023 Siyosat
277 0

Foto: Illustrativ foto

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) rasmiy veb-saytida “IHTning Toshkent sammiti: keng mintaqaga tegishli muammolarni hal qilishda umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun yangi maydon” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda.

Nashrda maʼlum qilinganidek, 8-9-noyabr kunlari Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti boʻlib oʻtadi.

“Oʻzbekiston 1992-yil noyabr oyidan buyon mazkur tashkilotga aʼzo boʻlsada, mustaqil Oʻzbekiston va ushbu birlashma tarixida ilk bor mamlakatimizda IHT doirasidagi koʻp tomonlama sammit oʻtkazilmoqda, — deyiladi materialda. — 2022-yilda Oʻzbekiston ilk bor IHTga raislik qildi”.

Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 28-noyabr kuni Ashxobod shahrida boʻlib oʻtgan IHT 15-sammitida soʻzlagan nutqidan iqtibos keltirilgan. “500 milliondan ortiq aholi yashaydigan, ulkan bozorga ega boʻlgan mamlakatlarimizning savdo va investitsiya sohalaridagi katta imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish zarur”.

Qayd etilishicha Prezident raislikni oʻz zimmasiga olar ekan, Oʻzbekiston IHT doirasidagi har tomonlama munosabatlarni rivojlantirish tarafdori ekanini taʼkidladi.

Nashrda Oʻzbekiston  IHTga Janubiy Osiyo, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqda rivojlanishni yaxshilash, savdo va sarmoyaviy imkoniyatlarni ilgari surish yoʻllarini muhokama qilish uchun platforma sifatida qarashi maʼlum qilingan.

“Oʻzbekiston ushbu tashkilot doirasida mintaqalararo tranzit xablarini tashkil etish, zamonaviy transport va yoʻl infratuzilmalarini rivojlantirish, transport va tranzit tariflarini optimallashtirish hamda qoʻshimcha chegirmalarni taqdim etish, xalqaro yuk va yoʻlovchi tashish shartlarini yengillashtirish, transport sohasini raqamlashtirish masalalariga aniq yechimlar topish tarafdori”, — deb yozgan manba.

Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev Ashxoboddagi sammitda “yashil” iqtisodiyotni birgalikda faol rivojlantirish, sanoat tarmoqlariga resurs tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, uglerod neytralligiga erishish tashabbusini ilgari surdi, deyiladi maqolada.

Maqolada Oʻzbekistonning  Afgʻonistonga umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va zarur yordam koʻrsatish uchun kuchlarni birlashtirish tarafdori ekanligi urgʻulangan.

Elektron nashrda, shuningdek, Oʻzbekiston raisligida 2022-yil 17-26-yanvar kunlari boʻlib oʻtgan IHT Mintaqaviy rejalashtirish kengashining navbatdagi yigʻilishida mamlakatimiz tashabbusi bilan tuzilma makonida 2022-yil “Oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash yili” va Shahrisabz shahri “2024-yilda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti” deb eʼlon qilingani haqidagi maʼlumotlar mushtariylar eʼtiboriga taqdim qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер