“Internetda videolaringni tarqatib yuboraman” deb qoʻrqitib, pul talab qilgan “ayol” qoʻlga olindi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Nukus shahrida yashovchi 32 yoshli A.D. ariza bilan murojaat qilib, nomaʼlum shaxs uning uyatli videotasvirlarini Internet ijtimoiy tarmogʻi orqali tarqatib yuborish bilan qoʻrqitib, tarqatmaslik evaziga pul talab qilayotganligini maʼlum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Chimboy tumanida yashovchi 25 yoshli (ayol) N.K. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan (ayol) N.K., jabrlanuvchi A.D. bilan maʼlum vaqt ishqiy munosabatda boʻlib kelgan va uning ishonchiga kirish orqali uning turli behayo videotasvirlarini qoʻlga kiritib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yubormaslik evaziga 50.000.000 soʻm pul talab qilib, mazkur pullarni olayotgan vaqtida Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari tomonidan ashyoviy dalil bilan ushlanib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, N.K.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring