"INNOWEEK-2020”ning birinchi kunida 230,6 mln dollarga teng memorandumlar imzolandi
2020-yil 3-noyabr kuni “INNOWEEK-2020” Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan Turkiya, Hindiston va Janubiy Koreya Respublikasi davlatlarining investorlari bilan ikki tomonlama hamkorlikni nazarda tutuvchi umumiy qiymati 230,6 mln.dollarga teng boʻlgan anglashuv memorandumlari imzolandi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Turkiyaning “JFC ENERJI YATIRIM SANAYI ve TICARET A.S.” kompaniyasi oʻrtasida - 229,6 mln. dollar qiymatidagi oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur shirkat texnik kannabis oʻsimligi urugʻlarini qayta ishlash yoʻli bilan oziq-ovqat, kosmetika, toʻqimachilik, qurilish mahsulotlarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan. Maʼlumki, texnik kannabis eng tez oʻsuvchi ekinlardan biri boʻlib, paxta bilan solishtirganda, 1 gektardan 4 barobar koʻp sellyuloza olinadi. Oʻsimlikka qishloq xoʻjaligi kimyoviy preparatlarini nisbatan kamroq ishlatiladi hamda suvni ancha kam talab qiladi. Tuproqdan tarkibidan zaharli moddalarni chiqarib olish, atrof-muhitni ifloslanishlardan tozalash imkonini beradi. Texnik kannabis 110 kun ichida 2-3 metrga yetadi va bir mavsumda bir nechta hosil olish imkonini beradi..
Innovatsion rivojlanish vazirligi va “TOV Clean Co Ltd”.kompaniyasi (Janubiy Koreya) oʻrtasida 1,0 mln. dollar qiymatidagi oʻzaro anglashuv memorandumi esa innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda ekologik toza maishiy kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarishga qaratilgan.
Shuningdek, vazirlik tomonidan Hindistonning “Zen Technologies Limited” kompaniyasi hamda Portugaliyaning “Take The Wind” kompaniyasi bilan texnologiyalar va intellektual faoliyat natijalari transferi boʻyicha hamda oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Investorlar bilan texnologiyalar transferi, bilim va tajriba almashish, qoʻshma innovatsion loyihalarni amalga oshirish, startap hamda innovatsion loyihalarning qoʻshma tanlovlarini tashkil etish borasida kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, ilmiy loyihalarni moliyalashtirish, innovatsion faoliyatni venchur moliyalashtirish va boshqa sohalarda hamkorlikni faollik bilan olib borishga kelishib olindi.
Haftalikning qolgan kunlari ham qoʻshimcha investitsiya shartnomalari va memorandumlar imzolash rejalashtirilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring