Innovatsion rivojlanish vazirligining hududiy boshqarma boshliqlari tayinlanmoqda

10:19 06 May 2021 Jamiyat
1107 0

Bu Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmonida koʻzda tutilganidek, hududlarda ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Musayev Mansur Abdukarim oʻgʻli - Jizzax viloyati Innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi boshligʻi etib tayinlandi. Mansur Musayev 1992-yili Jizzax shahrida tugʻilgan. 2017-yilda Qozon Milliy texnologik universitetida bakalavr, 2019-yilda Qozon Milliy texnologik universitetining magistratura bosqichlarini innovatika mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. 2019-yildan beri Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy texnik axborot markazi Yetakchi ilmiy maʼlumotlar bazalari bilan ishlash departamenti, Ilmiy nashrlar va jurnallarni qoʻllab quvvatlash boʻlimi bosh mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

Xolboyev Shahobiddin Abduadizovich - Navoiy viloyati Innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlandi. Sh.Xolboyev Nurota tumanida tugʻilgan. 2005-yilda Toshkent Davlat madaniyat institutini kutubxonashunoslik va axborot tizimlari mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. 2009-yildan beri Navoiy shahar va viloyat hokimliklarida masʼul lavozimlarda ishlagan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil olgan.

Mardonov Nurmuhammad Zayniddinovich - Samarqand viloyati Innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi boshligʻi etib tayinlandi. N.Mardonov 1984-yilda Ishtixon tumanida tugʻilgan. 2007-yilda Toshkent islom universitetini, 2012-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini, 2014-yilda Xitoy Xalq Respublikasining Sun Yat-Sen universitetini, 2017-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. 2009 —2017-yillarda Samarqand viloyati boʻyicha Gʻaznachilik boshqarmasida turli masʼul lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2017—2020-yillarda Samarqand shahar va Samarqand viloyati hokimliklarida kotibiyat mudiri hamda Samarqand viloyati Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan. Joriy yilning boshidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyati filiali rahbari oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritib kelgan.

Kichkilov Sherxon Xamzayevich – Surxondaryo viloyati Innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi boshligʻi etib tayinlandi. Sh.Kichkilov 1981-yili Termiz shahrida tugʻilgan. 2002-y. Termiz davlat universitetini bakalavriatini, 2006-yilda Toshkent davlat yuridik institutini, 2010-yilda Termiz davlat universitetining magistraturasini tamomlagan. 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil olgan. 2018-yili Xitoy Tijorat vazirligi tomonidan tashkil etilgan dastur orqali malaka oshirish kurslarida oʻqigan. Tarix, yurisprudensiya, iqtisodiyot mutaxassisliklariga ega boʻlgani bois 2002-yildan to 2014-yilgacha yurisprudensiya sohasida, keyinchalik esa bank sohasida faoliyat yuritgan. 2019-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi sifatida faoliyat yuritib kelgan.

Yunusov Ziyodbek Alisherovich - Fargʻona viloyati Innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi boshligʻi etib tayinlandi. Z.Yunusov 1988-yilda Fargʻona tumanida tugʻilgan. 2010-yili Fargʻona politexnika institutining bakalavr bosqichini tugallagan. 2013-yilda Koreya Respublikasi Donguk universitetining magistratura, 2018-y. Koreya Respublikasi Donguk universiteti doktoranturasini tamomlagan. Ziyodbek Yunusov Fizika fanlari doktori, mikroelektronika hamda qattiq jism nur manbalari boʻyicha yetuk mutaxassis. U 2013–2016-yillarda Koreya Respublikasi Donguk universitetining yarim oʻtkazgich laboratoriyasida mutaxassis, 2016–2017-yillarda Janubiy Koreyaning COAMTECH.Co kompaniyasida izlanuvchi muhandis boʻlib ishlagan. 2018-yildan beri Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida yetakchi mutaxassis, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion Rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi direktorining birinchi oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan. Innovatsion rivojlanish vazirligi hududiy boshqarmalari vazirlikka yuklatilgan asosiy vazifalar va funksiyalarning hududlardagi ijrosini taʼminlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер