Innovatsion rivojlanish vaziri Jahon banki loyihasi Xalqaro ekspert kengashi aʼzolari bilan muzokaralar oʻtkazdi

13:49 18 Iyul 2021 Iqtisodiyot
1206 0

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Jahon banki ishtirokidagi “Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida virtual missiya hamda loyiha doirasida tashkil etilgan Xalqaro ekspert kengashi aʼzolari (XEK) bilan muzokara oʻtkazdi.

Innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov yigʻilish ishtirokchilarini Xalqaro ekspert kengashi tashkil etilgani bilan tabriklab, Oʻzbekistonda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida soʻnggi paytlarda amalga oshirilayotgan ishlar va kelajakdagi rejalar bilan tanishtirdi.

Uchrashuvda loyiha doirasida moliyalashtirish shartnomasida nazarda tutilgan majburiyatlarning bajarilishini muhokama qilindi, shuningdek loyiha tarkibiy qismlarini amalga oshirish rejasini koʻrib chiqilib, oʻzaro kelishildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Jahon bankining “Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida Xalqaro ekspert kengashi (XEK) jahonning ilgʻor davlatlari tajribalarini loyihaga tatbiq etishda Loyihani amalga oshirish guruhiga koʻmakdosh boʻlishlarini aytib oʻtildi. Bunda Oʻzbekistonning milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish, global bozorda milliy mahsulotlar va xizmatlarning raqobatbardoshligini, iqtisodiyot diversifikatsiyasi samaradorligini hamda aholining turmush darajasini oshirishga alohida urgʻu beriladi.

Muzokara davomida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri keyingi yillarda ilm-fanni moliyalashtirish tizimi oʻzgargani — endi ilmiy-tadqiqot institutlarga emas, balki alohida loyihalarga maqsadli mablagʻ ajratilayotgani va qoʻlga kiritilgan ilmiy izlanishlar natijalari amaliyotga tatbiq etilishi kutilayotganini aytib oʻtdi.

Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, startap-loyihalarni moliyalashtirish va startapchilar bilan malakali mentorlar ishlashini taʼminlash hamda innovatsion markazlar faoliyatini takomillashtirish kabi masalalarda fikr almashildi.

Taʼkidlash joizki, mazkur loyiha davlat ilmiy-tadqiqot institutlari (ITI) va oliy taʼlim muassasalariga (OTM) xalqaro darajadagi tadqiqotlarini olib borishga yordam beradi, shuningdek, ularning ish natijalarini tijoratlashtirishga imkon beradi. ITI va OTM ilmiy xodimlari ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlanmalari, jumladan, xalqaro tadqiqotchilar va xususiy sektor ishtirokida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtiradigan grantlar olish uchun ariza topshirishlari mumkin.

Bundan tashqari, mahalliy firma va kompaniyalar boshlangʻich loyihalarga sarmoya kiritish uchun mahalliy va xalqaro bozorlarda talab qilinadigan yangi yoki mavjud innovatsion mahsulot va xizmatlarni ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlanmalari sohasida grant olish imkoniyatiga ega boʻladilar. Masalan, ular tibbiy, farmatsevtika va biotexnologik mahsulotlar va xizmatlarni ishlab chiqish, shuningdek, ilm-fan va texnologiyaning boshqa istiqbolli yoʻnalishlari boʻyicha loyihani moliyalashtirish uchun ariza topshirishlari mumkin.

I.Abdurahmonov, 2022−2026-yillarga moʻljallangan Jahon bankining Oʻzbekiston Respublikasi bilan Hukumatning mamlakatni keyingi besh yilga moʻljallangan ijtimoiy-iqtisodiy va rivojlanish rejalariga javob beradigan sheriklik dasturi doirasida “Oʻzbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi eng muvaffaqiyatli loyihalardan biri boʻlishiga ishonch bildirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri tomonidan Xalqaro ekspert kengashining (XEK) raisi doktor Yerbol Suleymenov saylangani bilan tabriklab, barcha (XEK) aʼzolariga loyiha doirasida kelgusida amalga oshiradigan faoliyatlariga zafarlar tilab qoldi.

Jahon Bankining missiyasi oʻz navbatida, fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni yana-da rivojlantirish va bu yoʻnalishda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirligi bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirib oʻtdi.

Oʻz oʻrnida I.Abdurahmonov aloqalarni kengaytirish boʻyicha muntazam uchrashuv va muzokaralar oʻtkazishga tayyorligini va yuqorida keltirilgan sohalarda Jahon Bankini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini aytib oʻtdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер