Inflyatsiya xurujlari qanday bartaraf etildi?

19:51 31 Yanvar 2019 Iqtisodiyot
2419 0

Illyustrativ foto

“Xalq soʻzi ONLINE”. Said Rahmonov/Toshkent. Oʻzbekistonda 2018 yilda inflyatsiya darajasi kutilganidan ham past boʻldi.

Gap shundaki, oʻtgan yilning sentyabr oyida yillik inflyatsiya darajasi 16-17 foiz boʻlishi prognoz qilingan edi. Amalda esa ushbu koʻrsatkich 14,3 foizni tashkil etdi. Bu quvonarli holat, albatta.

Xoʻsh, bunday ijobiy natijaga qanday erishildi?

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan pul-kredit siyosati va qayta moliyalashtirish stavkasi masalalariga bagʻishlab tashkil etilgan brifingda shu kabi savollarga javob berildi.

— Olib borilgan puxta pul-kredit siyosati, ayniqsa, inflyatsiyani jilovlashga qaratilgan chora-tadbirlar tufayli uning darajasi past boʻldi, — deydi Markaziy bank Pul-kredit siyosati departamenti direktori Behzod Hamroyev. — Eʼtiborli jihati, bu jarayon 2019 yilning yanvar oyida ham davom etmoqda. Markaziy bank boshqaruvining 2019 yil 26 yanvardagi qarori bilan qayta moliyalash stavkasi yilik 16 foiz darajasida qoldirilgani zamirida ham pul-kredit siyosatining inflyatsiyani jilovlashga qaratilgan yoʻnalishini saqlab qolish, real foiz stavkalari ijobiyligini taʼminlash va inflyatsion kutilmalarni pasaytirish maqsadi yotibdi.

Mutaxassislarning aytishicha, 2018 yilning soʻnggi choragida narx-navo barqarorlashgani, iqtisodiy va investitsiyaviy faollik ortib, ishlab chiqarish hamda isteʼmol hajmi koʻpaygani ham inflyatsiya xurujlarini yoʻqqa chiqardi. Bu esa odamlarning banklarga boʻlgan ishonchini mutahkamlamoqda. Jalb etilayotgan depozitlar hamji ortib borayotgani buning yaqqol misolidir. Yaʼni shu yilning dastlabki 30 kunida 770 milliard soʻmlik depozitlar qoʻyilgan.

Yana bir ijobiy holat shundaki, iqtisodiyotda “dollarizatsiya” pasayib, soʻmning qadri ortmoqda. Buni xorijiy valyutadagi depozitlarning jami omonatlar hajmidagi ulushi 6 foiz pasayib, 30 foizni tashkil qilayotganidan ham ilgʻash mumkin. Iqtisodiyotdagi real foiz stavkalar, milliy valyutadagi omonatlar boʻyicha nisbatan yuqori daromadlilik darajasi va majburiy rezervlash tartibining yangi mexanizmiga oʻtilgani bunda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Shu kabi omillar tufayli Markaziy bank 2019 yil uchun inflyatsiyaning bazaviy prognozini 13,5 — 15,5 foiz darajasida saqlab qoldi. Unga koʻra, bu boradagi koʻrsatkich fevral-mart oylarida oʻzining eng yuqori darajasiga yetgandan soʻng yana pasayib borishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер