Indoneziyalik bloger Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib qiluvchi videoroliklar tayyorlaydi
Turizm qoʻmitasi delegatsiyasi Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini Sharqiy Osiyo mamlakatlari bozorlarida keng targʻib etish maqsadida Indoneziyaning Jakarta shahrida “Halal Fair Jakarta” turizm yarmarkasida ishtirok etdi.
Yarmarka doirasida bir qator manfaatli kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Indoneziyada faoliyat koʻrsatuvchi ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarning Oʻzbekistonga sayohatlarini tashkil etish va ular tomonidan yurtimiz turizm imkoniyatlari haqida qiziqarli mediakontentlar tayyorlash masalasida bir nechta uchrashuvlar tashkil etildi.
Nafaqat Indoneziyada, balki Sharqiy Osiyo mamlakatlarida taniqli boʻlgan kinoaktyor va bloger Verrel Bramasta hamda uning ijodiy guruhi bilan olib borilgan ikki tomonlama muzokaralar jarayonida joriy yilning sentabr oyida jamoaning Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish masalasi koʻrib chiqildi.
Verrel Bramasta bugungi kunda Instagram ijtimoiy tarmogʻida 27 milliondan ziyod obunachiga ega boʻlsa, YouTube platformasida uni 4,5 million nafarga yaqin obunachi kuzatib boradi. Eʼtiborlisi, obunachilarning 85 foizini yoshlar tashkil etadi.
Verrel Bramasta va uning jamoasi tomonidan tayyorlangan turli xil videoroliklar Indoneziyadan tashqari Malayziya va Singapurda ham koʻp marta tomosha qilingan.
Shu boisdan blogerni Oʻzbekistonga jalb qilgan holda mamlakatimizning tarixiy maskanlari va tez rivojlanib borayotgan qishki hamda togʻ turizmi yoʻnalishlarida videoroliklar ishlash boʻyicha kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring