Imkoniyati cheklangan bolalarning bayroq haqidagi tasavvuri qanday?
Foto: “Xalq so‘zi”
Imkoniyati cheklangan insonlar orasida bilim va layoqatda hech kimdan qolishmay, chinakam irodasi, salohiyati bilan ibratli umr yo‘lini bosib o‘tayotganlar bor va ular safi aslo oz emas. Inchunun, sog‘lom tengdoshlaridan farqli bolalarning ham o‘z dunyosi, orzu-niyatlari, tasavvur olami borki, ularga quloq tutish, ko‘ngillarini ko‘tarish, rag‘bat va madad berish har birimizning insoniy burchimizdir. Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Muruvvat uyi”da bo‘lganimizda, xayolimizdan mana shu o‘ylar o‘tdi.
Bu maskanda ko‘p jihatdan imkoniyati cheklangan bolalar istiqomat qiladilar. Ularning aksariyati, afsuski, nisbatan aqlan zaif. Respublikamizdagi yagona siam egizaklari ham aynan shu maskanda yashaydi. Biz bu gal ular bilan O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i qabul qilinganligining 30 yilligi bayramini birgalikda nishonlash uchun bordik. Aslida ularga milliy ramzimiz bo‘lgan bayroq haqida keng tushuncha berishni maqsad qilgandik. Quvonarlisi shundaki, bu haqida ular bizga so‘zlab berishdi. Tadbir davomida tarbiyalanuvchilardan Abdurashid Rashidov bayroq haqida qo‘shiq ijro etgan bo‘lsa, Ahadbek Ismoilov bilan Fotima va Zuhra Xolmatovalar (siam egizaklar) chizgan rasmlari orqali bayrog‘imiz haqidagi tasavvurlarini ifodalab berishdi. Shaxriyor Mahmudov, Asadbek Abdullayev esa sheʼrlar aytib, davraga yana-da ko‘tarinkilik baxsh etdi.
Tadbirdan so‘ng shunday xulosaga keldikki, imkoniyati cheklangan bu bolalarning ham keng imkoniyatlari bor ekan. Faqat bu jihatlarni ilg‘ab olish va to‘g‘ri yo‘naltirish kifoya. Shunda ular o‘zlarini shu jamiyatning teng huquqli va teng imkoniyatli aʼzosidek his etadilar.
Gulbahon QOSIMOVA,
Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qo‘rg‘ontepa tumani bo‘limi rahbari.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring