Ilm qalloblikni kechirmaydi

15:38 05 Iyun 2020 Jamiyat
1031 0

Mana, garchi har yilgidan oʻzgacha tarzda boʻlsa-da, yana bir oʻquv yili yakuniga yetdi. Endi umumtaʼlim maktablari, akademik litsey va kollej bitiruvchilari uchun yana-da jiddiy sinovli damlar boshlanmoqda. Yaʼni sanoqli kunlardan soʻng ular oliy oʻquv yurtlarida test sinovlarini topshirishadi.

Hech kimga sir emas, ana shunday kezlarda oʻzini qoʻli uzun inson sifatida koʻrsatib, oʻqishga kiritib qoʻyishni vaʼda qiluvchi ayrim firibgar kimsalar ham gʻimirlab qolishadi. Ayniqsa, oʻzining bilimiga ishonmagan yoki oʻqishga kirishning oson yoʻlini qidiruvchi ayrim yoshlar bunday “hojatbaror”larning tuzogʻiga oson ilinishadi.

Binobarin, quyidagi jinoyat ishi misolida abituriyentlar, ularning ota-onalari va yaqinlarini ana shunday kimsalarning firib toʻridan ogohlantirishni lozim topdik.

Eng afsuslanarli jihati shundaki, bugungi «qahra­mon»­imiz savodsiz yoxud qilmishining oqibatini tushunmaydigan kimsa emasdi. Chunki u Far­gʻona viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi “Amaliy fanlar va maktabdan tash­qari taʼlim metodikasi” kafedrasi mudiri Nabijon Samadov (ism-shariflar oʻz­gartirilgan) boʻlib, nafaqat ziyoli inson, balki ustozlarning ustozi sanalardi.

Tergov va sud jarayonida ayon boʻlishicha, N. Samadov markazdagi ishidan tashqari chizmachilik fanidan repetitorlik bilan shugʻullanib, abituriyent­larni oliygohlarga oʻqishga kirishga tayyorlash bilan ham shugʻullangan. Shu bois 2019-yilda Far­gʻona davlat universitetining «Tasviriy sanʼat va mu­­handislik grafikasi» yoʻnalishiga oʻqishga kirish niyatida yurgan Vazira Shokirjonova ham uning repetitorlik guruhida tahsil olayotgandi.

Bundan tashqari Far­gʻona davlat universiteti oʻqituvchisi Egamnazar Joʻrayev V. Shokirjonovaga tasviriy sanʼat fanidan repetitorlik qilayotgandi.

Maʼlumki, Vazira tanlagan yoʻnalishda abituriyentlar test sinovlari bilan birga ijodiy imtihon ham topshirishadi. Biroq avvaldan tanish boʻlgan Nabijon Samadov va Egamnazar Joʻrayev shogird­larining bilim darajasi haqida suhbatlashishganda V. Shokirjonovaning chizish qobiliyati talabga toʻliq javob bermasligini tilga olishadi. Shuning uchun ular qiz­ga yana-da koʻproq mashq qi­lish shartligini, aksincha, amaliy imtihonda yuqori bal ololmasligini tushuntirishadi. Lekin Vazira bundan tushkunlikka tushib, uyiga yigʻlab boradi. Binobarin, uning otasi Dilmurod Lutfiddinov ham maslahat, ham qizining oʻqishidan xabar olish maqsadida N. Samadovga uchrashadi. Shunda ustoz boʻlmish yumshoqlik bilan gap boshlaydi:

— Egamnazar domla bilan ham gaplashdim, oʻzim ham kuzatib boryapman, qizimizning chiza olish darajasi un­chalik yaxshi emas, — deydi u.

— Shuning uchun oldingizga maslahat soʻrab kelgandim, — deydi Dilmurod aka unga savolomuz qarab.

— Juda vaqtida kelibsiz, albatta, sizga yordam beraman, — deya avvaliga D. Lutfiddinovning koʻnglini koʻ­targan boʻldi domla. Soʻng asl maqsadga oʻtdi. — Xoʻp desangiz, universitetdagi tanishlarim bilan gaplashaman. Xohlasangiz grantga, xohlasangiz kontraktga oʻqishga kiritib qoʻyishadi.

— Mayli, qancha boʻlarkin? — deb soʻradi Dilmurod aka.

— Grantga ikki ming, kontrakt boʻlsa, ming dollar berasiz. Faqat oldindan besh yuz yoki olti yuzini berish ke­­rak, — deydi “hojatbaror” ustoz.

Toʻgʻrisi, Dilmurod Lutfiddinov bunday javobni kutmagandi. Shu bois u birdan hafsalasi pir boʻlgandek, boʻshashib qoldi. Negaki, uni “Qizimni hamma fanlardan tayyorlovga berdim, repetitorlar shunga yarasha pul olyapti. Yana nima uchun shuncha mablagʻ sarflashim kerak? Qolaversa, buncha pulni qayerdan topaman?” — degan savol oʻylantirib qoʻygandi. Binobarin, D. Lutfiddinov oʻy­lay-oʻylay, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga muro­jaat­ qildi. Oqibatda mazkur holat yuzasidan tezkor tadbir oʻtkazildi. Yaʼni 2019-yil 23-iyul kuni N. Samadov oʻz xonasida undan 600 AQSH dollarini olib, stol tortmasiga solib qoʻyadi. Birozdan soʻng esa, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va DXX Fargʻona viloyat boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlanadi. Pirovardida Nabijon Samadovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi, 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻz­gʻatiladi. Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona shahar sudi esa, aybdorga qonuniy jazo tayinladi. Shuningdek, unga 1 yil muddatga xalq taʼlimi sohasida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarida ishlash huquqi­dan mahrum qilishdan iborat qoʻ­shimcha jazo ham tayinladi.

Shu oʻrinda bir mulohaza. Soʻnggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yuksak eʼtibor qaratilayotgan sohalardan biri bu — oliy taʼlim tizimidir. Xususan, yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrab olishga alohida eʼtibor qaratilib, har bir mutaxassislik boʻyicha qabul rejasi yil sayin ortib bormoqda.

Ayniqsa, jabr­lanuvchi V. Shokirjonova tanlagan pedagogika yoʻnalishidagi mutaxassisliklarni egallash borasida keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Sudlanuvchi N. Samadov esa, buni abituriyentga va ota-onasiga toʻgʻri tushuntirib, ularga qonuniy yoʻl koʻrsatish oʻrniga vaziyatdan “unumli” foydalanib qolmoqchi boʻldi.

Mana oqibati — oʻzining misqollab yiqqan ob­roʻsini bir zumda toʻkib, mahalla-koʻy, qarindosh-urugʻ va yaqinlar oʻrtasida shaʼniga dogʻ tushirdi.

Feruza SIDDIQOVA,

jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona shahar sudining sudyasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер