Ikkinchi toʻlqin xulosalari

17:05 20 Iyul 2020 Jamiyat
1808 0

Oʻzbekistonda koronavirus pandemiyasining ikkinchi toʻlqini koʻplab muammolarni keltirib chiqargani, ayniqsa Toshkent shahri va Toshkent viloyatida sezilib qoldi. Testlar yetishmasligi, kasallik alomati bor fuqarolarga tez yordam vaqtida koʻrsatilmagani yoki ularni qabul qilishga shifoxonalarda joy qolmaganligi, aptekalarda dori-darmonlar tanqisligi, uyda davolanish uchun zarur qoʻllanmalar ishlab chiqilmagani, shifokorlarning zarur himoya vositalari va tibbiy uskunalar bilan toʻliq taʼminlanmaganligi kabi muammolar tibbiyot tizimimiz ikkinchi toʻlqin bosimiga (orada 4 oy vaqt boʻlishiga qaramay) afsus tayyor emasligiga hammamiz guvoh boʻldik.

Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar va blogerlar juda koʻplab tanqidiy fikrlar va maqolalar eʼlon qilishdi. Lekin hozir aybdorni izlashdan foyda yoʻq, ehtimol koronavirusdan qutulgach yoʻl qoʻyilgan kamchilik va xatolarni parlament tekshiruvi asosida shoshmay oʻrganib, aybdor masʼul shaxslarga chora koʻrish imkoni boʻlar (orzuga ayb yoʻq).

Aksincha, hozir birinchi navbatda, Toshkent shahrida yoʻl qoʻyilgan xatolardan toʻgʻri xulosa chiqargan holda, hududlarni ikkinchi toʻlqin bosimiga, ayniqsa gripp va shamollash kuchayadigan kuz-qish mavsumiga tayyorlash choralarini koʻrish muhim deb oʻylayman.

Birinchidan, virusga chalingan fuqarolarni yotqizish uchun hududdagi mavjud sanatoriylar, kollej, litsey va maktablarning sport zallarida qisqa muddatlarda maxsus davolanish markazlarini tashkil etish orqali minglab yangi zaxira oʻrinlar (koyka) yaratish hamda boshqa kasalliklar bilan chalingan fuqarolarga yordam koʻrsatuvchi shifoxonalar quvvatini qisqartirmaslikka alohida eʼtibor qaratish;

Ikkinchidan, tez yordam avtomobillariga ehtiyoj koʻpayishini inobatga olib mavjud avtomobillarni toʻliq texnik koʻrikdan oʻtkazish, shuningdek, hududlarda yoʻnalishli taksi xizmati koʻrsatuvchi tashkilot va fuqarolarning Damas (yoki boshqa minivenlar) avtomobillarini ijara va volontyorlik asosida tez yordam xizmati koʻrsatish uchun jalb qilish orqali zaxira quvvat yaratish choralarini koʻrish;

Uchinchidan, hududlarda hamshira va shifokorlarning yetishmaslik holatlarini oldini olish uchun hozirda nafaqada/ishlamayotgan malakali shifokorlarni hamda ishsiz boʻlib turgan oʻrta maxsus diplomiga ega hamshiralarni mavsumiy yollash va ularni yangi tashkil etilayotgan maxsus karantin/davolanish markazlariga, tez tibbiy yordam avtomobillariga roʻyxat asosida biriktirish;

Toʻrtinchidan, har bir shahar va tumanlarda eng kamida 10 tadan kislorod konsentratorlari, pulsoksimetr zaxirasini tayyorlash;

Beshinchidan, test natijalarini aniqlaydigan PCR laboratoriyalar sonini oshirish hamda testlar zaxirasini shakllantirish;

Va albatta karantin choralarini saqlab qolish va unga qatʼiy amal qilinishini taʼminlash.

Doniyor Gʻaniyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер