IIBB Parkentda koronavirus karantinidan qochgan shaxs ushlandi. Unga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatildi
Toshkent viloyati IIBB Parkent tumani IIB xodimlari tomonidan Samarqand viloyatida karantinda boʻlib turib, belgilangan tartib qoidalarga amal qilmay qochgan shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat IIBB axborot xizmati xabar bermoqda.
Maʼlum boʻlishicha, 19-mart kuni Rossiyaning Samara shahridan Oʻzbekistonga kirib kelgan poyezd yoʻlovchilari, epidemik vaziyatdan kelib chiqib, oʻrnatilgan tartibda, Samarqand viloyatiga tashkil etilgan karantin markazlariga joylashtirilgan. Ammo Parkent tumanida yashovchi, 1954-yilda tugʻilgan fuqaro Topgan E. belgilangan tartib-qoidalarga amal qilmay karantindan qochgan.
Hozirda ushbu shaxs oʻz uyida ushlangan va ehtiyot chorasi sifatida izolyatsiyaga olingan. Shuningdek, fuqaro Topgan E.ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Maʼlumot uchun, epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun qonunda belgilangan tartibda jinoiy javobgarlikka tortiladi. Jumladan, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish, odamlarning ommaviy kasallanishiga olib kelsa 11,1 million soʻmdan 22,3 million soʻmgacha miqdorda jarima solish yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha qilmish odamning oʻlimiga sabab boʻlsa, 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Oʻsha qilmish odamlarning oʻlimiga sabab boʻlsa, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring