Hududlar qariyb 350 tonna chiqindidan tozalandi
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda uning huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan Toshkent shahrining Yangi hayot tumani, “Yangi Choshtepa” MFY hududida 30-mart — Chiqindisiz dunyo uchun xalqaro kuni munosabati bilan plogging eko-aksiyasi o‘tkazildi.
Vazirlik bo‘lim boshlig‘i Z. Abdullayevaning aytishicha, plogging uchun aynan aholi yashaydigan hudud tanlangani bejiz emas. Mazkur aksiya orqali aholiga o‘zi yashaydigan hududni chiqindixonaga aylantirmaslik, atrof-muhitni ozoda saqlash zarurligini yana bir bor uqtirish maqsad qilingan.
Aksiya davomida atrof-muhit jami 1 124 kg. chiqindidan tozalandi. Yakunda eng ko‘p chiqindi to‘plagan jamoalar taqdirlandi. Shuningdek, barcha ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari va tashakkurnomalar topshirildi.
Ma’lumot uchun, aksiya davomida yurtimiz bo‘ylab jami 3 mingga yaqin ishtirokchi tomonidan 58 ta hudud (150 gektarga yaqin) 349,8 tonna chiqindidan tozalandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring