«Hududgaztaʼminot»ning tadbirkorga hisoblagan noreal qarzdorligi bekor qilindi
Foto: Arxiv surat
Jizzax shahrida faoliyat yuritayotgan “Elite yarn” MCHJ rahbari gaz taʼminot korxonasi xodimlari harakatidan norozi boʻlib Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.
Jamiyat rahbari 2021-yil yanvardan 2022-yil fevralga qadar foydalanilgan gazga nisbatan 1,4 koeffitsiyentdan hisob-kitob qilib kelinganini maʼlum qilgan.
Ushbu qarzdorlikning kelib chiqish sabablari oʻrganilganda, gaz taʼminot filiali tomonidan qonun hujjatlari talablari buzilgan holda tadbirkorlik subyekti zimmasiga ortiqcha qarzdorlik hisoblanganligi ayon boʻldi.
Bundan tashqari, gaz taʼminoti filiali tomonidan Vazirlar Mahkamasining 12.01.2018-yildagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish” Qoidalari talablariga zid ravishda jamiyat foydalangan tabiiy gaz uchun noqonuniy ravishda oshirilgan toʻlov hisoblanib kelinayotganligi aniqlandi.
Qoidalarining 105-bandida, isteʼmolchi tomonidan tabiiy gaz yetkazib berish uchun tuzilgan shartnomada belgilanganidan koʻp hajmda va gaz taʼminoti tashkiloti bilan oldindan kelishilmasdan gaz olingan taqdirda, isteʼmolchidan (ushbu qoidalarga ilovada koʻrsatilgan tabiiy gaz yetkazib berishning alohida tartibi belgilanadigan strategik tashkilotlar bundan mustasno) shartnomadagi hajmlardan ortiqcha olingan tabiiy gaz qiymatiga nisbatan 1,4 koeffitsiyent bilan oshirilgan toʻlov undirilishi qayd etilgan.
Biroq, «Hududgaz Jizzax» gaz taʼminot filiali tomonidan 2021-yil yanvar-oktyabr oylarida ishlatilgan 68.034 m3 gaz 27.213.000 soʻm 1,4 koeffitsiyent bilan ortiqcha hisob-kitob amalga oshirilgan.
«Hududgaz Jizzax» gaz taʼminoti filiali xodimlarining bu kabi noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida tadbirkor zimmasiga asoslanmagan, noreal qarzdorlik yuklangan va uning manfaatlariga zarar yetkazilgan.
Bu holat boʻyicha Biznes-ombudsman tomonidan «Hududgaztaʼminot» AJga taqdimnoma kiritdi. Natijada «Hududgaztaʼminot» AJning asossiz hisoblagan 27.213.000 soʻm noreal qarzdorligi bekor qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring