Hokim migrant xonadonida boʻldi
Foto: Xalq so‘zi
Yangi yilni taqdir taqozosiga koʻra xorijda kutib olishga majbur boʻlayotgan yurtdoshlarimiz soni oz emas. Ular xonadoniga borib, oila aʼzolari holidan xabar olish, koʻngillarga bayram quvonchini ulashish ham, bizningcha, insoniylikning yorqin namunasidir.
Ana shundan kelib chiqqan Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov ayni paytda tirikchilik vajidan xorijda mehnat qilayotgan migrantlar, jumladan, Muhiba Norqulovaning xonadonida boʻldi. Buxoro shahridagi Mutal Burhonov mahallasida yashovchi bu oila aʼzolari bilan samimiy suhbat jarayonida hokim xonadondagi shart--sharoit bilan yaqindan tanishdi. Oilaga bayram sovgʻalarini topshirdi. Bayram kunlaridagi bu kutilmagan tashrif, ayniqsa, oilada oʻsib – ulgʻayotgan bolalar uchun esda qolarli kechdi.
Aytmoqchi, migrantlar xonadoniga tashrifdan avval viloyat hokimi hozir xorijda boʻlib turgan bir guruh mehnat muhojirlari bilan onlayn muloqot oʻtkazdi. Suhbat davomida yurtdoshlarimizning yashash va ish sharoitlari bilan qiziqdi, ularning takliflari, fikr-mulohazalarini tingladi. Viloyatda yaratilayotgan ish oʻrinlari haqida ham atroflicha maʼlumot berildi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring